Juzv

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Juzv (arab. — qism, boʻlak) — aruzning eng kichik unsuri. Harf va harakatlarni unli va undosh tovushlarga ajratish mumkin, arab yozuvida 28 undosh harf (tovush) bor. Unli harflar esa uchta: alif, yo, vov, bu 3 unlini choʻziq deb ham aytishadi, shu bilan birga, undosh harflarning osti yo ustiga qoʻyiladigan ost, ust belgilar bilan koʻrsatiluvchi (qisqa) unlilar ham bor, ular uchta: zabar - a; zir - i, e; pish - u, oʻ. Aruzning kichik boʻlagi boʻlgan J. shu harf va harakatlardan yasaladi, bu hol boʻgʻin tushunchasiga zid emas, chunki boʻgʻin ham shu unli va undosh harf (tovush)lardan tashkil topadi.

Undosh harflar osti yo ustiga harakatlar (zabar, zir, pish) qoʻyib ochiq boʻgʻinlar, ustiga sukun (^) qoʻyib, yopiq boʻgʻin yasalib kelingan. Unli bilan tugagan boʻgʻin ochiq, undosh bilan tugagan boʻgʻin yopiq deyiladi: kamar soʻzida birinchi boʻgʻin (ka —) ochiq, ikkinchi boʻgʻin (— mar) yopiqdir. Alisher Navoiy turkiy aruzda harakat harfga, harf harakatga oʻtishi mumkin deb taʼkidlaydi. Masalan, "qildi" soʻzini — tarzida ham, — V tarzida ham hisoblash mumkin boʻladi. J.lar uchta: 1) sabab (arab, arqon), u ikki xil boʻladi: a) yengil sabab (arab, sababi xafif) — bir harakatli va bir sukunli harfdan tuziladi: may; b) ogʻir sabab(arab, sababi saqil) — ikkita harakatli harfdan tuziladi: koʻzi 2) vatad (arab, qoziqcha), u ikki xil: a) yigʻiq vatad (vatadi majmuʼ), — ikkita harakatli harf va bir harakatsiz — sukunli harfdan yasaladi: samar; b) yoyiq vatad (vatadi mafuq) — ikkita harakatli harf orasida bir harakatsiz harf kelishiga bogʻliq: noma; 3) fosila (arab, paloye), bu ham ikki xil: a) kichik fosila (fosili sugʻro) — uchta harakatli harf va oxir va bir harakatsiz harf ishtirokiga qaraydi: yuragim; b) katta fosila (fosilai kubro) — toʻrtta harakatli, soʻng bir harakatsiz, yaʼni sukunli harfdan paydo boʻladi: yashamagan. Arablar chodir uylarda yashab kelganlar va bu uyni "bayt" deb atagan, ular ikki miyora sheʼrni ham bayt (uy) deb atashganlari uchun, baytdagi metrik unsurlarni chodirda ishlatuvchi narsalar nomi bilan arqon (sabab), qoziq (vatad), paloye (fosila) deb nomlashgan va bu hol koʻchma maʼno oladi. Aruzning tayanchi boʻlgan ruknlar shu J.lardan yuzaga keladi (k,. Rukn). J.ning oʻzgacharoq talqinlari ham bor, ammo mohiyati bitta.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Alisher Navoiy , Mezon ulavzon, T., 1949; Bobur, Muxtasar, T., 1971; Toʻychiyev U., Oʻzbek poeziyasida aruz sistemasi, T., 1985.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil