Juvoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Juvoz (fors. — oʻgʻir) — moyli oʻsimliklar urugʻidan (maye, chigitdan) moy chiqaradigan dastgoh, moyjuvoz. J. qanday oʻsimlik urugʻidan moy i. ch.iga koʻra bir necha xil boʻladi, chunonchi: moy J., sholi oqlanadigani — objuvoz, qogʻoz J. Ulov (ot, hoʻkiz) yoki suv kuchi bilan yuritiladi. J. kunda, oʻq, qayiq, gajak, yogʻoch (moʻmiq), toʻgʻin kabi qismlardan iborat boʻladi. Kunda (uz. 3 m cha, yoʻgʻon tomonining diametri 55—60 sm) oʻrik, tut, qayragʻochdan tayyorlanadi. Ingichka tomoni yerga 2 m cha koʻmilib, ustki gozasi oʻgʻir shaklida oʻyiladi va yukxona deb ataladi, unga chigit, kunjut, zigʻir, turli urugʻ (qovun, kungaboqar va b.), yaʼni xom ashyo solinadi. Yukxonaning oʻrtasidan oʻq uchi singari qilib gʻazna oʻyiladi. Gʻazna chuqurchasida oʻqning aylanishi natijasida xom ashyodan sizib tushgan yogʻ toʻplanadi. Oʻqni aylantirish uchun uning uchiga gajak (uz. 1,2 m cha yogʻoch) biriktiriladi. Gajakning pastki uchi qayiq (uz. 1 m cha, yoʻgʻon yuzasining bir tomoni oʻyib ichiga tosh toʻlatilgan, ikki yonidagi teshiklariga kundani oʻrab oʻtgan toʻgʻinning uchlari qoqilgan qurilma) oʻrtasidagi yogʻoch (moʻmiq)ga bogʻlanadi. J.ga qoʻshilgan ulov yurganida qayiqni oldinga suradi, qayiq esa gajakni, gajak oʻz navbatida oʻqni aylantiradi, oʻq xom ashyoni ezib, tarkibidagi moyni gʻaznaga haydaydi. Gʻazna moyga toʻlgach, juvozkash J.ni toʻxtatib, moyni oladi. Moy beruvchi oʻsimlik urugʻlaridan juvozlarda olinadigan moy J. moyi deb ataladi (asosan zigʻir urugʻidan tayyorlangani uchun zigʻir yogʻi deb ham yuritiladi). J. moyi kunjut, kungaboqar, qovun urugʻi, chigit va yongʻoq magʻizidan aralashtirib tayyorlanganda shifobaxsh neʼmatga aylanadi. Qogʻoz J.da eski uvada, yogʻoch kukuni va b. ezib, un qilingan, soʻng qaynatib, undan qogʻoz quyilgan.

J. haydaydigan kishi juvozkash, uning mashgʻuloti, kasbi juvozkashlik deyiladi. Juvozkashlik qadim zamonlardayoq paydo boʻlgan Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekiston qishloqlaridagi yirik dehqon xoʻjaliklari moy ishlab sotish uchun, baʼzan mayda dehqon xoʻjaliklari esa oʻz ehtiyoji uchun shaxsiy juvozxonaga ega boʻlganlar. Yogʻ va qogʻoz sanoatining rivojlanishi tufayli juvozkashlik kasbi ancha susaydi. Hozir ham J. uchrab turadi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil