Jinoyat ishida fuqaroviy daʼvo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Jinoyat ishida fuqaroviy daʼvo —jismoniy yoki yuridik shaxsning jinoyat oqibatida yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida keltirilgan moddiy zararni undirish toʻgʻrisidagi talabi. Bu daʼvo jinoyat ishi yuzasidan tergov va sud boʻlayotgan vaqtda aybdorga yoki uning harakatlari uchun zimmasiga moddiy javobgarlik yuklatilgan shaxslarga nisbatan qoʻzgʻatilib, sudda jinoyat ishi bilan birga koʻriladi (Oʻzbekiston JPK, 276-modda). Bunday daʼvoni jabrlangan har qanday shaxs, shu jumladan, vafot etgan odamning qaramogʻida boʻlganlar ham qoʻzgʻatishga haqli. J. i. f. d. davlat poshlinasi toʻlashdan ozod qilinadi va bunday daʼvo jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan vaqtdan boshlab sud tergovi boshlangunga qadar qoʻzgʻatilishi mumkin. Daʼvo jinoyat ishi boʻyicha tergov olib borayotgan organ yoki sudga beriladi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror — qaror, sud esa — ajrim chiqarib, daʼvo qoʻzgʻatgan shaxsni fuqaroviy daʼvogar deb tan oladi. Davlat yoki jamoat manfaatlarini, shuningdek, fuqaro huquqlarini muhofaza qilish uchun zarur boʻlgan hollarda prokuror ham daʼvo qoʻzgʻatadi yoki jabrlanuvchining daʼvosini qoʻllabquvvatlaydi. J. i. f. d.ni taʼminlash maqsadida ayblanuvchining , gumon ostidagi shaxsning yoki fuqaroviy javobgarning mulki xatlab qoʻyiladi (290-modda). Qoʻzgʻatilgan daʼvoning asosliligi masalasi sud hukm chiqarayotgan paytda hal qilinadi (457-modda). Sud sudlanuvchini aybdor deb topib, J. i. f. d.ning asoslari va miqdorini qanchalik isbot etganiga qarab, uni toʻla yoki qisman qanoatlantiradi yoxud jinoyat oqibatida moddiy zarar yetkazilmagan deb topsa, daʼvoni rad qiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil