Jimmy Carter (1924-yilda tugʻilgan) — AQShning 39-prezidenti (1977—81). Demokratlar partiyasi aʼzosi. Harbiy Dengiz Akademiyasini tugatgan (1946), Harbiy Dengiz Kuchlarida xizmat qilgan (1953-yilgacha). Jorjiya shtati gubernatori (1971-75). Carter davrida AQSH ichki siyosatida pulning qadrsizlanishining oldini olish dasturi qabul qilingan. Tashqi siyosatda yadro qurollarining tarqatilishiga yoʻl qoʻymaslik va ularning sinovlarini toʻxtatish toʻgʻrisida sobiq SSSR hukumati bilan muzokaralar olib borilgan, SQCH-2 (OSV-2) toʻgʻrisida shartnoma (1979) imzolangan. AQSH va Xitoy oʻrtasida diplomatik aloqa oʻrnatilgan (1979). AQSH, Isroil va Misr davlatlari oʻrtasida Kemp-Devid shartnomasi (1978) imzolangan. Carter Afgʻonistonga SSSR qoʻshinlari kiritilganligi sababli 1980-yilda Moskvadagi Olimpiada oʻyinlariga boykot eʼlon qilgan. Jahonda tinchlikni mustahkamlash yoʻlida koʻrsatgan faoliyati uchun Nobel mukofotini olgan (2002).[1]