Jazba

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jazba — solikning azaliy inoyat tufayli ortiqcha saʼy-harakatsiz Haq taologa yetkazadigan ruhiy manzil va maqomlarni bosib oʼtishi.

Jazba — tortish, Allohning bandasini huzuriga jalb etishi, vajd holi. „Allohdan yetgan bir jazba  barcha jin va insonlarning amaliga barobardir“. Majzub — Jazbaga tutilgan, jazbali, vajd va istigʻroq holatida boʻlgan, bir onda butun hol va maqomlarni oshib oʻtib mashaqqatsiz vuslatgʻa erishgan ilohiy   huzurga  jazb  va  jalb  etilgan[1].

Jazba — paygʼambarlar va majzub avliyolarning yoʼli hisoblangan. Roʼzbehon Baqliy Sheroziyning fikricha, Jazba haqiqati — ruhda tajalliy nurlarining zuhuridir. Xoja Abdulloh Ansoriy ilohiy Jazbani jamiyki ins-u jinlarning amaliga teng, deb hisoblagan.

Jazba — Haq taolo tomonidan, banda tomonidan esa mo­yillik, iroda, muhabbat va ishq sodir boʼladi. Jazbaning asosiy sharti — Alloh taolo tomonidan beriladigan isteʼdod. Solikda isteʼdod va qobiliyat boʼlmasa, faqat riyozat va intilish bilan Haqqa yetisha olmaydi. Sayri sulukning ibtidosi Jazbaning nihoyasi hisoblanadi. Jazba tugʼma boʼlishi yoki saʼy-harakat jarayonida solik qalbiga nuzul qilishi mumkin. Tugʼma faqirligi koʼringan solikni „majzubi solik“, saʼy-harakat davomida jazba paydo qilgan solikni „soliki majzub“ deb nomlaganlar[2].

Navoiy Sayid Hasan Ardasherga yozgan maktub-masnaviysida Jazbaga oʻziga xos taʼrif beradi:

Biri buki, bir jazba Haqdin yetib,

Koʼngulni yaqin jomidin mast etib,

Haqiqat sari turktoz aylagay,

Jahon shugʼlidin beniyoz aylagay.

(„Gʻaroyib us-sigʻar“, „Masnaviy“)[3]

Zamondosh oʻzbek shoiri Jontemir Jondorning „Jazba“ nomli kitobi ham mavjud.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Tasavvufiy istilohlar izohi“.
  2. Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat. 
  3. Gʻaroyib us-sigʻar.