Jamol Posho
Jamol Posho (1872, Istanbul -1922.21.7, Tbilisi) — Yosh turklar inqilobining faol ishtirokchisi, "Ittihod va taraqqiy" partiyasi rahbarlaridan biri. 1908 y.dan Turkiyada muhim harbiy lavozimlarda ishladi. 1913 y. 10 yanvarda boʻlgan harbiy davlat toʻntarishidan soʻng Anvar posho va Talʼat posho bilan birgalikda mamlakatni boshqarishga kirishdi. Turkiya harbiy dengiz kuchlari vaziri (1913—18). Birinchi jahon urushi davrida Turkiya siyosatida muhim rol oʻynadi. Urushda Turkiyaning yengilishi natijasida ittihodchilar hukumati isteʼfoga chiqqach, safdoshlari Anvar posho va Talʼat posho bilan birgalikda Turkiyani tark etdi (1918 y. 3 noyabr). J. p. Berlindan 1920 y. mayda Moskvaga keldi. Sovet rejimi uning yordamida Turkistondagi "bosmachilar" (istiqlolchilar)ga tayangan holda Afgʻoniston orqali Hindistonda turgan inglizlarga qarshi kurash olib bormoqchi boʻldi. Xalil posho bilan birgalikda Turkistonga kelgach, oʻzining yordamchisi Ragibbey va fargʻonalik Qori Kamolni qoʻrboshilar huzuriga joʻnatdi. Turkiston matbuotida yozilishicha, Buxoro boskini davri — 1920 y. 1 sentabrda u Turkiston fronti qoʻmondoni M. V. Frunze oʻrnashgan Samarqandda edi. 1920 y. kuzida u Toshkent va Buxoro orqali Kobulga joʻnatildi. BXSR Afgʻoniston tomonidan tan olinishida sezilarli hissa qoʻshdi.
1921 y. sentabrda sovetlarning talabi bilan Kobuldan orqaga qaytdi. Bu paytda Buxoroda boʻlgan Anvar posho bilan uchrashishga Rossiyaning BXSRdagi vakili K. K. Yurenev yoʻl qoʻymadi va J. p. Chorjoʻy orqali Moskvaga joʻnaydi. RSFSR tashqi ishlar komissari oʻrinbosari L. M. Karaxan bilan uchrashgach, u bolsheviklar bilan hamkorlikni toʻxtatdi. 1922 y. yurtiga qaytayotganda Tiflis (Tbilisi)da Karapet boshliq arman terrorchilari (sovet chekistlari) (qarang Dashnoqsutyun) tomonidan sirli ravishda oʻldirildi.[1]
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ahmad Zakiy Validiy Toʻgʻon, Boʻlinganni boʻri yer (Xotiralar), T., 1997.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |