Jahon pullari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jahon pullari - umumiy universal toʻlov vositasi sifatida tan olingan, xalqaro miqyosda hamma uchun xarid vositasi, boyliklarning umumiy oʻlchov birligi, qiymatning xalqaro ifodasi boʻlgan pullar; jahon bozorida amal qiluvchi yuksak likvidli pullar. J. p. milliy pullardan barcha mamlakatlarning xalqaro muomalasida ishlatilishi bilan farq qiladi. J. p. qadimda xalqaro savdo paydo boʻlishi bilan vujudga kelgan. Dastlab J. p. vazifasini boy, davlatlararo savdoda faol qatnashadigan mamlakatning oltin va kumush tangalari, keyinchalik oltin quymalar, yombilar bajargan (ular tangalarga nisbatan katta vaznga ega boʻlib, savdo aylanmasi katta boʻlgan, bir yoʻla koʻp pul talab qilinadigan muomalada qoʻllanilgan). 20-asr ning 1-choragidan oltin pullar muomaladan chiqarilib, ular oʻrnini bir pul birligiga toʻgʻri keladigan sof oltin miqdori (g) bilan taʼminlangan qogʻoz pullar egalladi. Shu paytdan boshlab, iqtisodiyoti kuchli mamlakatlarning barqaror deb tan olingan qogʻoz pullari J. p. vazifasini oʻtay boshladi (Ikkinchi jahon urushidan soʻng J. p. vazifasini AQSH dollari oʻz zimmasiga oldi). 20-asrning 70-y.lariga kelib koʻpgina mamlakatlarda qogʻoz pul birliklarining oltin taʼminoti bekor qilindi. Lekin shunga qaramay qogʻoz J. p. doirasi kengaydi va ular qatoriga erkin almashtiriladigan ingliz funt sterlingi, Germaniya markasi, Yaponiya iyenasi, Shveysariya franki qoʻshildi. Keyingi yillarda bu milliy pullar ichida raqobat kuchayib, dunyo miqyosida AQSH dollari va Yaponiya iyenasining mavqei koʻtarildi, natijada jahon bozori asosan ikki zona — AQSH dollari va Yaponiya iyenasi zonalariga ajraldi. 1999-yil 1 yanvarda Yevropa Ittifoqining 11 mamlakati uchun umumiy boʻlgan yangi pul — yevro davlatlararo hisob-kitoblarda muomalaga kiritildi (2002-yil 1 yanvardan Ye. banknotlari va tangalari muomalaga chiqarildi). Bundan koʻzlangan maqsad Yevropada AQSH dollarining tazyiqiga qarshi kurashish, uning hukmronligiga barham berishdir. J. p. sifatida yevro AQSH dollarining jiddiy raqobatchisi (1 AQSH dollari =1,13 yevro; 2002, fevral). Xalqaro iqtisodiy integratsiya kuchayishi bilan J. p.ning turlari qisqarib, uning vazifasini ozchilik valyuta bajaradi.

Ahmadjon Oʻlmasov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil