Kontent qismiga oʻtish

Itqoʻnoq

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Itqoʻnoq (Setaria) — boshoqdoshlarga mansub bir yillik va koʻp yillik oʻt oʻsimliklar turkumi, begona oʻt. Aksariyat tropik va subtropiklarda tarqalgan. 120 dan ortiq turi bor. Bittabitta yoki bir nechtasi toʻp boʻlib oʻsuvchi silliq poyasi 20—80 sm, faqat toʻpguliga yaqin joyigina gʻidirish. Barglari nashtarsimon, usti va chetlari gʻadir-budir, barg asosi uzun tuklar bilan qoplangan. Toʻpguli boshoqsimon, iyul—sentabr oylarida gullab, meva beradi. Uruglari sentabr oxirida pishadi.

Bir oʻsimlik 5—10 mingtagacha urugʻ beradi. Urugʻlari kelgusi yili bahorda una boshlaydi. Itqoʻnoqning ildiz sistemasi juda kuchli rivojlanib, 1,5 m gacha chuqurlikka oʻsib kiradi; juda koʻp popuksimon ildizlari va ildiz tuklari tuproqni chim kabi qamrab oladi hamda namligini keskin kamaytiradi. Ayniqsa, sugʻoriladigan dalalarda yaxshi rivojlanib, koʻp ekinlarga zarar keltiradi. Paxta, makkajoʻxori, sabzavot va boshqa ekin dalalarida aksariyat oq (S. glauca) va koʻk I. (S. viridis) turlari uchraydi. Ikkala tur itqoʻnoq ham bir yillik boʻlib, tashqi koʻrinishidan bir-biriga oʻxshaydi. Maysaligida oʻrib olinsa, mollarga yaxshi ozuqa boʻladi. Kurash choralari: ekin qator oralaridagi itqoʻnoq kultivatsiya qilinib, egat ustidagilari gerbitsid sepib yoʻqotiladi; ekin ekishdan avval baronalashga qadar yoki ekish vaqtida yerga treflan yoki prometrin, kotofor singari gerbitsidlar solinadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil