Issiqlik elektr stansiyalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘zbekiston o‘z energetik resurslari hisobidan ehtiyojlarini to‘liq ta’minlovchi mamlakatlar qatoriga kiradi. Markaziy Osiyo birlashgan energetika tizimidagi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining salmoqli hissasi mamlakatimizga tegishlidir.

Elektr energetika tarmog‘ining ishonchli faoliyat yuritishini ta’minlamasdan turib, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlarining sanoat salohiyatini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni rag‘batlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish va hayot sifatini yaxshilashga erishib bo‘lmaydi.

Zamonaviy sharoitlarda elektr energetika tarmog‘ida raqobat muhitini rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish, elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish sohasidagi faoliyatning institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish zaruriyatidan kelib chiqqan holda elektr energiyani ishlab chiqarish, yetkazish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy uslublariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi PQ-4249-sonli “O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati qayta tashkil etilishi bilan “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati ta’sis etildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasi ishlab chiqarish vazifasini amalga oshirib, mamlakat iqtisodiyoti va aholisining ehtiyojlarining qondirilishini ta’minlash maqsadida belgilangan miqdorda elektr energiyasi va issiqlik energiyasi ishlab chiqarishini ta’minlaydi.

Jamiyat tarkibiga 4 ta issiqlik elektr stansiyalari, 3 ta issiqlik elektr markazlari, 3 ta soha korxonalariga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va “Тоshkent issiqlik markazi” MCHJ kiradi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi korxonalar tomonidan 2022-yilda 55,5 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi va 5,3 mln. Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarildi.

Jamiyat tarkibidagi korxonalar tomonidan 2023-yilda 54,3 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi hamda 5,1 mln. Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

2023-yilning yanvar-sentabr oylari yakuniga ko‘ra, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish rejasi bajarildi. Reja bo‘yicha ko‘zda tutilgan  38 483,8  mln.kVt.soat o‘rniga, amalda 39 755,1 mln.kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi yoki reja 103,3 foizga bajarildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tizimdagi barcha korxonalarni tizimli ravishda zamonaviy energotejamkor uskunalar va qurilmalar asosida modernizatsiya qilish bo‘yicha investitsion loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu ishlarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishi iste’molchilarni sifatli va uzluksiz elektr va issiqlik energiyasi bilan muntazam ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib hisoblanadi.

Qayta tahrirladi: Xoldorov Shohjahon Karimjon O`g`li

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

https://tpp.uz/page/issiqlik-elektr-stanciyalari-akciyadorlik-zamiyati