Kontent qismiga oʻtish

Isof va Noila

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Isof (arab. إساف) va Noila (arab. نائلة) islomgacha bo‘lgan davrda Arabistonda xudo va ma’buda sifatida sig‘inilgan ikkita tosh sanamlar bo‘lgan. Ularga asosan Quraysh ahli sig‘inar edi.

Ayrim musulmon olimlar, jumladan al-Azraqiy Makkada butparastlikni joriy qilgan arab qabilasining yetakchisi Amr ibn Luhay, Isof va Noilaga sig‘inish ishini boshlab bergan deb da’vo qilgan. U odamlarni ularga sajda qilishga chaqirib, ota-bobolari bu ishni qilganlarini aytgan. Keyinchalik Qusay ibn Kilob ikki toshni Ka’ba yaqinidagi Zamzam qudug‘iga olib borgan edi[1].

Isof va Noila Quraysh qabilasi uchun ayniqsa muhim bo‘lib, Quraysh Isofga atab qurbonliklar qilgan[2].

Butlar haqida turli rivoyatlar mavjud bo‘lib, ular Ka‘bada zino qilganlaridan keyin toshga aylanganlar. Ibn al-Kalbiy o‘zining “Kitob al-Asnom” asarida bu rivoyatni shunday keltirgan:

Ular haj ziyoratini ado etish uchun yo‘lga chiqdilar. Makkaga kelishlari bilan Ka’baga kirdilar. Boshqa hech kim yo‘qligidan va Baytullohning daxlsizligidan foydalanib, Isof muqaddas joyda u bilan zino qildi. Shunda ular toshga aylanib qoldilar[3].

Makkalik mahalliy tarixchi al-Azraqiyning rivoyatlariga ko‘ra, voqea Jurhum arab qabilasi Makkada hukmronlik qilgan paytda sodir bo‘lgan. Keyin ikki tosh Ka’badan olib tashlangan va odamlar ogohlantirilishi uchun Safo va Marva tepaliklariga qo‘yilgan. Vaqt o‘tishi bilan ularni butlar sifatida hurmat qila boshlaganlar.

630-yil yanvar oyida musulmonlar shaharni egallagandan so‘ng, bu ikki tosh sanamlar yo‘q qilingan[4].

Aziz al-Azmahning fikricha, Isof va Noila Qurayshning asl xudolari bo‘lib, qurayshliklar ularni Makkaga olib kelishgan va Uzzoga o‘xshash Makkaning hukmron butlari qatorida ularga ham doimiy sig‘inganlar[2].

  1. al-Azraqi, Akhbār Makka, pg. 49
  2. 2,0 2,1 Al-Azmeh, Aziz. The Emergence of Islam in Late Antiquity: Allah and His People (inglizcha). Cambridge University Press, 23-fevral 2017-yil. ISBN 9781316641552. 
  3. Ibn al-Kalbi, Book of Idols, pg. 34
  4. al-Azraqi, Akhbar Makka, pg. 50