Islom atlasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Islom atlasi — 10-asrda tuzilgan geografik haritalar majmui. Yevropa ilmiy adabiyotlarida "Islom atlasi" nomini olgan. Uning asosini "Al-masolik va-l-mamolik" ("Yoʻllar va mamlakatlar") mavzusi boʻyicha arab tilida yozilgan tavsifiy-geografik asarlar tarkibidagi haritalar tashkil qiladi. I. a.da 21 harita boʻlib, ular quyidagi tartibda joylashtirilgan: dunyoning doiraviy haritasi, Arabiston, Fors dengizi, Magʻrib, Misr, Shom, Rum dengizi, al-Jazira, Iroq, Xuziston, Fors, Kirmon, Sind, Armaniston (Arron va Ozarbayjon bilan birga), Jibol, Gilon (Tabariston bilan birga), Xazar dengizi, Fors chuli, Sijiston, Huroson, Movarounnahr).

I. a.dagi haritalar dastlab oʻrtaosiyolik mashhur olim Abu Zayd ibn Saxl Balxiy (850—934)ning "Suvar al-akolim" ("Iqlimlar surati") geografik asarida berilgan. Uni Istaxriy Abu Ishoq al-Forisiy (850—934) qayta ishlab, haritalarga ham ancha yangi maʼlumotlar kiritdi. Istaxriyning mazkur asari fanda "Kitob masolik almamolik", ("Yoʻllar va mamlakatlar kitobi") nomi bilan maʼlum; nusxalari juda koʻp, jahonning turli kutubxonalariga tarqalgan. Forscha tarjimalari ham anchagina. Shu sababdan Abu Zayd Balxiy va al-Istaxriy asarlari dastlab fors tilida yozilgan, degan xulosalarham mavjud. I. a.sining Abul Krs.im Ibn Havqal anNisibi (10-asr) tomonidan qayta ishlangani fanda ancha mukammal deb topilgan va u "Kitob al-masolik va-l-mamolik" boshqa nomi "Kitob surat al-arz" ("Yer surati kitobi") deb ataladi. Ibn Havqal asarida haritalarga yozilgan izohlar ancha mukammal, muallif turli geografik manba maʼlumotlaridan ham keng foydalangan. Bu asar nafakat Sharqda, balki Yevropada ham shuhrat topdi.

I. a.dan, asosan, islom mamlakatlarining haritalari oʻrin olgan va ularni "Iqlimlar" ham deyishgan. Bu yer yuzining siyosiy-maʼmuriy qismlarga boʻlinish (forslardagi "haft kishvar") ini eslatadi (qarang Yetti iqlim).

I. a. keyingi yillarda arab va fors tillarida geografik asarlar yozilishiga, haritalar tuzilishiga katta taʼsir koʻrsatdi, aksari mualliflar undagi haritalarni oʻz kitoblariga kiritdilar. I.a. Yevropada nemis olimi K. Miller tomonidan nashr etilgan (1926), "Arab haritalari" toʻplamidan ham oʻrin olgan.

Omonulla Boʻriyev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil