Kontent qismiga oʻtish

Isitma

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Isitma

Isitma — odam va issiq qonli hayvonlar organizmining qoʻzgʻatuvchi omillar (xususan, mikroblar) ga nisbatan maxsus himoya reaksiyasi. Tana temperaturasining koʻtarilishida namoyon boʻladi, koʻpgina kasalliklarda kuzatiladi. Tana haroratining koʻtarilishi bilan oʻtadigan hamma kasalliklar qadimdan isitma deb atalgan. Isitma hozir mustaqil kasallik deb hisoblanmasa ham, baʼzi kasalliklar hamon isitma deb ataladi (masalan, bezgak isitmasi, iskabtopar isitmasi, Ku isitmasi). Isitmaning infeksion va noineksion xillari farq qilinadi. Isitma yuqumli kasalliklarda ham, yuqumsiz kasalliklarda ham koʻtarilishi mumkin.

Koʻpincha kasallik mikroblari va viruslari chiqargan moddalar va ularning parchalanish mahsulotlari, organizmga hazm yoʻlidan boshqa yoʻl bilan kiritilgan yot oqsillar (baʼzan vaksinalar) ning parchalanish mahsulotlari, shuningdek, organizmning oʻz toʻqima va hujayralari shikastlanganda (masalan, ichki qon quyilishlarida, jarohatlanishda, toʻqimalar ezilganda yoki shunga oʻxshash holatlarda) hosil boʻladigan moddalar taʼsirida isitma chiqadi. Organizmda moddalar almashinganda kimyoviy reaksiyalar roʻy berishi tufayli baʼzi aʼzolarda, masalan, jigar va muskullarda doim issiqlik hosil boʻlib turadi, shundan maʼlum bir qismining badanda ushlanib qolishi tana temperaturasining koʻtarilishiga sabab boʻladi. Yuqorida aytilgan moddalar bosh miyadagi termoregulyasiya markaziga bevosita yoki retseptorlar orqali taʼsir etganda isitma paydo boʻladi. Gavda temperaturasi tez koʻtarilganda teri tomirlari torayib (spazm), sovuq seziladi va muskullar titraydi (Jun-jish turi). Gavda temperaturasi juda yuqori koʻtarilgan vaqtda organizmdan issiqlik chiqib ketishi kuchayib, issiqlik hosil boʻlishi vaqtincha muvozanatlanadi. Temperatura tushayotganda organizmdan issiqlik chiqib ketishi yanada kuchayadi (badan terlaydi, teri tomirlari kengayadi). Temperatura birdaniga-juda tez (kritik) yoki sekin-asta (litik) tushishi mumkin.

Baʼzi mikrob zaharlarining katta dozalari termoregulyasiya markazini qoʻzgʻatgach, ketidan susaytirishi mumkin. Shu sababli kasallik (masalan, difteriya) ning ogʻir — toksik xili deyarli isitmasiz oʻtishi mumkin. Keksalar va ozgʻin, bedarmon kishilar ogʻir infeksion kasalliklar bilan ogʻriganda baʼzan isitma chiqmaydi.

Gavda temperaturasining koʻtarilish darajasiga qarab isitma subfebril (38° dan past), oʻrtacha (39,5° gacha), yuqori yoki baland (4 G gacha) va baʼzan, haddan tashqari yuqori (41° dan ortiq) boʻladi. Gavda temperaturasining 40-4G gacha koʻtarilishi bosh ogʻrigʻi, darmonsizlik, ishtaha boʻgʻilishi, meʼda sekretsiyasining susayishi va boshqa hodisalarga sabab boʻlsada, hayot uchun xavfli emas. Lekin isitmali baʼzi kasalliklarda bemorning alahsirashi, behush boʻlib qolishi, moddalar almashinuvi va ovqat hazm qilishning buzilishi, asosan, temperaturaning koʻp koʻtarilishiga emas, balki shu kasallikdagi intoksikatsiya xususiyatlariga va shuning natijasida organizmdagi turli funksiyalarning buzilish darajasiga bogʻliq. Bu holda bemor atrofida hamshira yoki boshqa tibbiyot xodimi, shuningdek, bemorning yaqin kishilari boʻlib sovuq kompress qoʻyishi va behosdan oʻrnidan turib ketmasligini nazorat qilib turishi lozim.

Kasallik sababini bartaraf qilmay turib, isitmani sunʼiy yoʻl bilan tushirish bemorning kayfiyatini yaxshilasa ham, naf bermaydi, aksincha, tashxis (diagnoz) ni qiyinlashtiradi. Isitma chiqqanda organizmning immun xususiyatlari kuchayib (immunitet), infeksion jarayonlar susayadi, shu bois ayrim hollarda (zaxmning 4-bosqichi, epidemik ensefalit va boshqalar) davo maqsadida sunʼiy isitma yuzaga keltiriladi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil