Kontent qismiga oʻtish

Isfahoniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Isfahoniy, Abdulfaraj Ali ibn alhusayn ibn Muhammad al-Qurayshiy alkotib al-Isfahoniy (897, Isfahon — 967, Bagʻdod) — arab musiqashunosi, shoiri va olimi. Ray viloyati hokimining kotibi, shahar qozisi, keyinchalik Halib sh.da abbosiy amirlardan Sayfuddavla saroyida nodim boʻlib xizmat qilgan. Turli ilm sohalari boʻyicha 30 ga yaqin asar muallifi, bulardan yettitasi bevosita mu-siqaga bagʻishlangan. Falsafaga oid „Tolibiylar qatli kitobi“ asari bizgacha saqlanib nashr qilingan. Bundan tashqari, mashhur arab shoir va adiblari Abu Tammom, Buxturiy va Abu Nuvoslarning asarlarini toʻplab, mukammal devon tuzgan.

Asarlari ichida eng mashhuri 22 jildli „Kitob ul-agʻoniy“ („Qoʻshiklar kitobi“) hisoblanib, u, asosan, 7—8-asrlardagi sheʼriy va musiqiy sanʼatga bagʻishlangan. Asar qad. va oʻrta asr Turon, Eron xalqlari musiqa madaniyatiga tegishli maʼlumotlarga boy. Unda mashhur bastakor, sozanda va xonandalar Borbad, Ibn Surayj, Ibrohim al-Mavsiliy, Ishoq al-Mavsiliy, Yunus alkotib, Mansur Zalzal, Barsuma, sugʻdlik Alluvayh, shoirlar Bashshar ibn Burd, Huraymiy, Xalif ibn Ahmar va boshqalar haqida batafsil maʼlumotlar berilgan. Bundan tashqari, kitobda musiqa nazariyasi va amaliyotining bir qancha masalalari (masalan, xusravoniy, taroiq, doston, savt, turli usullar, sheʼriy va musiqiy oʻlchamlar) yoritilgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil