Kontent qismiga oʻtish

Ionitlar

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ionitlar, ion almashtiruvchilar, ion almashtiruvchi sorbentlar — elektrolit eritmalarga taʼsir ettirilganda ion almashtira oladigan, tarkibida ionogen va (yoki) kompleks hosil qiladigan guruhlar tutgan polimer yoki anorganik moddalar. Koʻpchilik I. — amorf yoki kristall holdagi, amalda erimaydigan qattiq moddalardir. Kimyoviy tabiatiga koʻra, ular organik, anorganik, mineralorganik, kelib chiqishiga koʻra, tabiiy va sunʼiy I. ga boʻlinadi. Organik I. ga ion almashtiruvchi smolalar, kimyoviy faollashtirilgan koʻmir, torf, sellyuloza, anorganik I. ga alyumosilikatlar (seolitlar, permutitlar) va koʻp valentli metallarning gidroksidlari, fosfatlari, sianidlari misol boʻla oladi. I. elektrolitlar (tuzlar, kislotalar va ishqorlar) eritmasidan musbat yoki manfiy ionlarni (kationlarni yoki anionlarni) yutib, ularning o'rniga ana shunday zaryadli boshqa ionlarni ekvivalent miqdorda chiqara oladi.

Almashinuvchi ionlar zaryadining ishorasiga karab, I. kationitlar va anionitlarga bo'linadi. Kationitlarda faol kislota guruh (—SO3H, — COOH va b.) bor, ular vodorod ionlarini (yoki musbat zaryadlangan boshqa ionlarni) metall ionlarga almashtira oladi. Anionitlarda asos xossalari bor. Aksariyati — tarkibida faol asos guruhi (—NH2, —NH—, Ns) boʻlgan yuqori molekulali polimer birikmalardir; ular gidroksil ionlarini (yoki manfiy zaryadlangan boshqa ionlarni) erigan tuz yoki kislota anionlariga almashtira oladi. I. ni bir necha marta ishlatish mumkin. Ular suvni yumshatish, tabiiy suvlardan nodir metallar (oltin, uran, ittriy va b.) ni ajratib olishda, oziq-ovqat, kimyo sanoatida turli moddalarni ajratish va tozalashda qoʻllanadi. Analitik kimyoda, oʻta sof moddalar i.ch. da, biologik faol moddalar, oqsillar, viruslar, DNK va RNK kabi moddalarni ajratishda, shuningdek, tibbiyotda (qonni zaharli moddalardan tozalashda) ishlatiladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil