Insof

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Insof (arabcha adolat, odillik, beg‘arazlik) ​​— adolat va vijdon bilan ish tutish tuyg‘usi, ishda, kishilarga munosabatda halollik, to‘g‘rilik[1].

Etimologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu arabcha so‘z boʻlib, 'insaf(un) shakliga ega; o‘zbek tiliga kasrali hamzani „i“ tovushiga, „sad“ undoshini „s“ undoshiga, cho‘ziq „a“ unlisini „o“ unlisiga almashtirib qabul qilingan; asli "ikki teng bo‘lakka bo‘ldi" maʼnosini anglatuvchi „nasafa“ feʼlining "vijdon bilan, adolat bilan ish tutdi" maʼnosini  anglatuvchi shaklidan hosil qilingan masdar bo‘lib, „vijdon bilan, adolat bilan ish tutish“ maʼnosini anglatadi. Bu so‘zdan o‘zbek tilida insofli, insofsiz sifatlari, insofsizlik mavhum oti yasalgan[2].

Qoʻllanilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Insof oʻzbek milliy mentaliteti bilan bog‘liq tushunchalardan biri bo‘lib, haddan oshmaslik, chegaradan chiqmaslik, insoniylikni yo‘qotmaslik maʼnolarida ham qo‘llanadi. O‘zbek adabiyotining yirik namoyandasi O‘tkir Hoshimov insof tushunchasi haqida fikr yuritib, shunday yozadi:

"Xalqimizning ajoyib udumlari bor. Chaqaloqning tanglayini ko‘tarayotganda „umring uzoq bo‘lsin, insofli-tavfiqli bo‘l“, deb duo qiladi. Biron muammoni hal qilayotganda „insof sari baraka“, deydi. Birovning noinsofligidan ranjisa, „insof qiling-da, birodar“, deydi. Xullas, insof degan tushuncha bilan bog‘liq gaplar ko‘p. O‘ylab qarasam, bu so‘zning boshqa tillardagi tarjimasini topish anchayin mushkul ekan. Masalan, rus tili dunyodagi eng boy tillardan biri. Unda „chestnostʼ“, „poryadochnostʼ“, „velikodushie“, „dolg“, „sovestʼ“ singari teran maʼno tashuvchi so‘zlar ko‘p. Biroq menimcha, ular „insof“ degan so‘z maʼnosini to‘liq anglatmaydi"[3].

Mazkur soʻz bir qator maqollar tarkibida ham uchraydi. „Insof sari baraka“, „Insofi yoʻqning iymoni yoʻq“, „Insofli oshini yer, insofsiz boshini“, „Noinsofni tuz konda koʻr“, „Noinsofga erk bersang, elni talar“ kabi maqollar shular jumlasidandir[4].

Insof soʻzi milliy realiyalar sirasiga kiradi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati (ikkinchi jild), 2020. 
  2. Sh. Rahmatullayev. Oʻzbek tilining etimologik lugʻati, 2003. 
  3. Oʻ. Hoshimov. Daftar hoshiyasidagi bitiklar, 2010. 
  4. Hikmatnoma. Oʻzbek xalq maqollarining izohli lugʻati, 1990.