Ingliz-fransuz-xitoy urushi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ingliz-fransuz-xitoy urushi (1856—60), ikkinchi „afyun“ urushi — Angliya va Fransiya tomonidan Xitoyga qarshi uyushtirilgan bosqinchilik urushi. Angliya va Fransiya oʻz tovarlarini Xitoyning ichki viloyatlariga erkin kirib borishiga erishish, daryo portlarini xorijiy savdo uchun ochishga harakat qilganlar; Angliya va Fransiya Pekinda oʻz diplomatik vakolatxonalarini taʼsis etish, erkin missionerlik faoliyati yurgizish talabini qoʻyishgan. 1856 yil oktabrda mojarolardan foydalanib („Errou“ kemasi bilan boʻlgan va b.) inglizlar Guanchjouga qarshi harbiy harakatlarni boshlaganlar. 1857 yil Angliya hukumati Xitoyga yangi qoʻshinlar joʻnatgan. Angliya-Fransiya muzokaralari (1856 yil sent. — 1857 yil mart)dan soʻng Fransiya ham urushga tortilgan. Ularni AQSH qoʻllab-quvvatlagan. 1857 yil dekabrda ingliz-fransuz bosqinchilari Guanchjouni egallagan. Guandunda xalq qarshilik harakati boshlangan. 1858 yil aprelda bosqinchilarning harbiy kemalari Shim.da harbiy harakatlarni boshlab yuborgan; 1858 yil mayda ular Dagu istehkomi va Tyanszin portini bosib olishgan. Sin hukumati Angliya va Fransiya bilan 1858 yil iyunda teng huquqli boʻlmagan Tyanszin bitimlarini imzolashga majbur boʻlgan. Biroq, Angliya va Fransiya Xitoyni yanada koʻproq yon bosishga majbur qilishga intilishgan. Daguda ingliz-fransuz eskadrasi magʻlubiyatga uchragan, bu harbiy harakatlarni qayta boshlashga barona boʻlgan. 1860 yil iyulda 10 ming kishilik ingliz armiyasi va 6 ming kishilik fransuz armiyasi Dagu istehkomlarini qamal qilishgan. Avg.da Xitoy armiyasi magʻlubiyatga uchragan. Dagu istehkomlari va Tyanszin bosqinchilar tomonidan qayta bosib olingan (25-avgust). Boshlangan sulh muzokaralari natijasiz tugagan. Ingliz-fransuz qoʻshinlari Pekinga yurish boshlagan. 21 sent. da manjur-moʻgʻul otliq qoʻshini Pekindan bir necha km uzoqlikdagi Balitsyao koʻprigi yonidagi jangda ingliz-fransuz qoʻshinlaridan yengilgan. Imperator I Chju (Syan-fin) va uning saroyi qarshilik koʻrsa-tishdan voz kechib poytaxtdan krchishgan. Bosqinchilar Pekinni egallab (1860 yil okt.) Xitoy meʼmorligining ajoyib namunasi — imperatorning yozgi Yuanminʼyuan saroyini talon-taroj qilib, unga oʻt qoʻyganlar. 1860 yil oktabrda teng xuqukli boʻlmagan Pekin bitimlari imzolangan. I.-f.-x.u. Xitoyni yarim mustamlaka mamlakatga aylanishidagi eng katta bosqich boʻlgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil