Ili inqilobi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ili inqilobi (1944-49) - uygʻur xalqining milliy ozodlik harakati. Gomindan hukumatining 10 ming ot yetkazib berish haqidagi farmonidan gʻazabga kelgan Nilqa tumanining chorvadorlari 1944 y. kuzida Gʻani va Akbar botirlar rahbarligida tuman markaziga qujum qilib, uni ishgʻol qildi. Qoʻzgʻolonni Ili viloyatining barcha aholisi qoʻllabquvvatladi. Tez orada Gʻulja gomindanchilardan tozalandi. Gʻuljada 12 noyabr da Alixontoʻra boshchiligida muvaqqat hukumat tuzildi. Yangi hukumat ChanKayshi hukuma-tini tanimasligini, xitoycha "Sin-szyan" nomini bekor etib, Sharqiy Turkiston respublikasi tuzilganligini eʼlon qildi. 1945 y. 5 yanvar da 9 mod-dadan iborat dastur qabul qilinib, unda Sharqiy Turkistonda Xitoy istibdodi asoratini yoʻqotish, millatlarning teng huquqliligiga asoslangan respublika tuzumini joriy etish, demokratik islohot oʻtkazish, sogʻliqni saqlash, maorifni rivojlantirish, milliy kadrlar yetishtirish va-zifalari qoʻyildi. Inqilobiy hukumat muntazam milliy armiya tuzdi (1945). Milliy armiya Ili, Tarbagʻatoy va Oltoy viloyatlarini gomindanchilardan ozod etdi (1945 y, oxiri). Shundan soʻng Chan Kayshi hukumati yon bosishga majbur boʻldi. 1946 i. 6 iyunda xalq vakillari bilan markaziy hukumat vakili oʻrtasida 11 moddadan iborat tinchlik bitimi imzolandi. Sharqiy Turkiston aholisining demokratik xuqukdarini eʼtirof etgan bitimning tuzilishi I. i. ning katta gʻalabasi edi. 1946 y. ning iyulida bitimga muvofiq koalitsion hukumat tuzildi. Xalq saylash va saylanish huquklarini oldi. Lekin, 1947 y. mayda Chan Kayshi bitimni buzib, Maxsud rahbarligida Sinszyan hukumatini tashkil etdi. Ammo, Sharqiy Turkiston respublikasi 1949 y. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilgunga qadar mustaqil siyosat olib bordi. [1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil