Ijtimoiy ish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Ijtimoiy ish boʻyicha mutaxassis mijoz yoki odamlar guruhiga ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha tadbirlarni tashkil qiladi.

Ijtimoiy ish — bu odamlar va ijtimoiy guruhlarga qoʻllab-quvvatlash, himoya qilish, tuzatish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish orqali shaxsiy va ijtimoiy qiyinchiliklarni yengishda yordam berishga qaratilgan professional faoliyat. U yolgʻiz nafaqaxoʻrlar va nogironlarga yordamni ham, shuningdek, qiynalgan bolali oilalar, uysizlar, giyohvandlar, aroqxoʻrlar va ruhiy kasallarga yordamni ham oʻz ichiga oladi.

2001-yil 27-iyunda Kopengagenda Ijtimoiy ish maktablari xalqaro assotsiatsiyasi va Xalqaro ijtimoiy ishchilar federatsiyasi tomonidan qabul qilingan ijtimoiy ish taʼrifidan kelib chiqqan holda, „ijtimoiy ishchilarning kasbiy faoliyati jamiyatdagi oʻzgarishlarga, insoniy munosabatlar muammolarini hal qilishga hissa qoʻshadi; jamiyatda funktsional mavjudlik qobiliyatini mustahkamlashga va odamlarning farovonlik darajasini oshirish maqsadida ularni qutqarishga yordam beradi. Inson xulq-atvori va ijtimoiy tizimlar nazariyalaridan foydalangan holda, ijtimoiy ish odamlarning oʻz atrofidagilar bilan hamkorlik qilishga targʻib qiladi. Inson huquqlari va ijtimoiy adolat tamoyillari ijtimoiy ishning asosidir“.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yevropa va AQSh[tahrir | manbasini tahrirlash]

XIX asrning ikkinchi yarmida Buyuk Britaniyada vujudga kelgan Uyushgan xayriya jamiyati va Turar joy harakati kabi tashkilotlar professional ijtimoiy ishning paydo boʻlishi uchun asos tayyorladilar. 1887-yilda asos solingan Uyushgan xayriya jamiyati, 1886-yilda Nyu-Yorkda tashkil topgan Qoʻshnilar gildiyasi andozalari asosida 1880-yillarda AQShning Baffalo shahrida ham xayriya tashkiloti tashkil topdi. Bu tashkilotlarning ikkalasi ham kambagʻallarga amaliy yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan boʻlib, ularning ishida aholining yuqori va oʻrta qatlamlaridan boʻlgan oʻqimishli kishilar qatnashgan. Bunday tadbirlar, ayniqsa, ijtimoiy ishni oʻzlarining ijtimoiy mavqeini yaxshilash va iqtisodiy mustaqillikka erishish imkoniyati sifatida koʻrgan yosh ayollarni oʻziga tortardi[1].

1892-yilga kelib, AQSH va Kanadaning yirik shaharlarida ushbu turdagi 92 ta xayriya tashkilotlari tashkil etildi. Baltimordagi uyushgan xayriya jamiyatida ishlagan Meri Richmond xayriya ishlarini yaxshilash masalalarini hal qilishda taʼlimni birinchi oʻringa qoʻygan. Shu bilan birga, u ikkita yoʻnalishni ajratib koʻrsatdi: maʼrifiy ishlar (maqolalar chop etish, davriy nashrlar tashkil etish, ommaviy nutqlar, seminarlar, jamoatchilik, oʻquvchilar va talabalar bilan uchrashuvlar) va xayriya ishlari bilan shugʻullanuvchi mutaxassislarni tayyorlash, kasbiy taʼlim berish. 1898-yilda Nyu-Yorkda Ijtimoiy ish maktabi[1][2] ochildi.

1899-yilda Amsterdamda ikki yillik oʻquv dasturi boʻyicha Ijtimoiy ishchilarni tayyorlash instituti ochildi. Shu yili Berlinda ijtimoiy sohada ishlashni istagan yosh ayollarni bir yillik tayyorlash dasturi ish boshladi. 1910-yilga kelib, dunyoda 15 dan ortiq (ulardan 5 tasi AQShda) ijtimoiy ishchilarni tayyorlaydigan taʼlim muassasalari mavjud edi[3].

Birinchi jahon urushidan soʻng, Qoʻshma Shtatlarda ijtimoiy ishda diagnostika deb ataladigan yoʻnalish paydo boʻldi, u Nyu-Yorkdagi Smit kollejiga aloqador boʻlib, bu yerda ijtimoiy ishchilarni psixiatriya xizmatlarida ishlash uchun tayyorlashgan. Ularga boʻlgan ehtiyoj juda katta edi, chunki Birinchi jahon urushi qatnashchilari turli xil psixologik muammolarni boshdan kechirardilar. Ushbu yoʻnalish ijtimoiy ishni mijozni davolashdan, uning shaxsiyatini oʻzgartirishdan va atrof-muhitga moslashishiga yordam berishdan iborat deb tushungan.

1930-yillarda Pensilvaniya shtatida ijtimoiy ishda funktsional yoʻnalish paydo boʻldi, bu ijtimoiy ishchi va mijoz oʻrtasidagi hamkorlikka qaratilgan boʻlib, rasmiy va avtoritar munosabatlardan voz kechishni koʻzda tutadi. Ushbu yoʻnalish ijtimoiy ishni davolash sifatida emas, balki xizmat sifatida koʻrib chiqdi[1].

Elberfeld sistemasi zamonaviy Ijtimoiy yordam tizimi shakllanishida muhim ahamiyat kasb etdi. 1852-yilning Aprel oyida Prussiyaning Elberfeld shahri tadbirkorlari (hozirgi vaqtda shahar Wuppertal tarkibida) D. fon der Haydt, G. Shliper va D. Peters shahar Kengashiga jamoatchilik ruhining yangi kontseptsiyasini taqdim etdilar. Muhtojlar ikki guruhga boʻlindi: „uydagi“ va „tashqi“. „Uydagi“ muhtojlar shaharning ijtimoiy muassasalarida (uysizlar yotoqxonasi, tashlab ketilgan bolalar uchun boshpana, ruhiy kasallar shifoxonasi) edi. Qolganlar barcha muhhtojlar esa „tashqi muhtojlar“ deb nomlangan. Ular bilan ishonchli vakillar ish olib borgan. Vakillarning vazifasi ota-onalar farzandlariga yaxshi tarbiya berishlari uchun ularga „dalda berish“ boʻlgan; bolalarda esa ota-onani hurmat qilish, ularga yordam berishga intilish kabi hislatlarni tarbiyalashlari kerak edi. Vasiylar har bir oila ehtiyojining sabablarini oʻrganib, haqiqiy muhtojlarni aniqlashgan. Agar shoshilinch moliyaviy yordam talab etilsa (bolalar tugʻilishi, dafn marosimi, kasallik), vasiy uni oʻzi bergan boʻlsa-da, nafaqani uzaytirish uchun maxsus ruxsatnoma kerak edi. Elberfeld tizimining tamoyillari (bepullik, individualizatsiya, markazsizlashtirish va qisqa muddatli yordam) 1880-yilda Nemis kambagʻallar farovonligi va xayriya uyushmasi tomonidan qabul qilingan[4].

Ijtimoiy ish fan sifatida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ijtimoiy ish fan sifatida ijtimoiy faoliyatning buzilishi holatlarida shaxs, oila yoki jamiyatning ichki va tashqi resurslaridan foydalanish jarayonini boshqarish qonuniyatlari haqidagi ilmiy bilimlar sohasi sifatida tushunilishi mumkin (B. V Kupriyanov). Ijtimoiy ishning boshqa fanlar bilan oʻzaro taʼsirini aniqlash uning keng hajmlilik xususiyatini, shuningdek, sotsiologiya, psixologiya va boshqalar kabi tegishli bilim sohalaridan farqini koʻrsatdi.

Ijtimoiy muammolarni yuzaga keltiruvchi sabablarni oʻrganish davomida ijtimoiy jarayonlarni, ijtimoiy munosabatlarni tavsiflashda, ijtimoiy guruhlarning xususiyatlarini tahlil qilishda ijtimoiy ish fan sifatida ilmiy gʻoyalardan, predmeti ijtimoiy fanlarga yaqin boʻlgan boshqa ijtimoiy fanlarning kontseptual vositalaridan muqarrar ravishda foydalanadi. (sotsiologiya, psixologiya va boshqalar). (I. S. Romanichev)

Ijtimoiy ish kasbiy faoliyat sifatida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ijtimoiy ish — kasbiy faoliyat sifatida, yordamga muhtojlarga (ogʻir yashash sharoitida boʻlganlarga), oʻz hayotiy muammolarini tashqi yordamsiz hal qila olmaydigan va koʻp hollarda hatto, yashay olmaydigan odamlarga yordam berishga qaratilgan (Pavlenok P. D.).

Har qanday faoliyat, shu jumladan ijtimoiy ish ham oʻziga xos tuzilishga ega boʻlib, unda har bir element uzviy bogʻlangan va boshqalar bilan oʻzaro taʼsirlashadi, oʻz vazifalarini bajaradi. Ijtimoiy ish ajralmas tuzilma boʻlib, quyidagi elementlardan iborat: subyektlar; funksiyalar orqali ochiladigan tarkib; vositalar (tashkiliy-texnik, moliyaviy va boshqalar), nazorat va maqsadlar.

Ijtimoiy ishning kasbiy faoliyat sifatidagi maqsadi, bir tomondan, mijozning manfaatlarini qondirish boʻlsa, ikkinchi tomondan, jamiyatda barqarorlikni saqlashdir. Ushbu muammoning eng maqbul yechimi bu ikki maqsad oʻrtasida murosaga erishishdir.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Мельников В. П., Холостова Е. И. История социальной работы в России. — 2-е изд. — M.: Маркетинг, 2005. — 344 с. — ISBN 5-94798-486-5
  • Технологии социальной работы. Учебник / Ред. Е. И. Холостовой. — M.: Инфра-М, 2001. — 400 с. — ISBN 5-94798-486-5
  • Вдовина М. В. (2005). Социальная работа с семьей: подготовка специалистов (Знание. Понимание. Умение nashri). М..