Idiosinkraziya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish

Idiosinkraziya (yun. idios - oʻziga xos va synkrasis — aralashuv) — odam organizmining baʼzi ovqatlarga (sut, qulupnay, tuxum va b.) va dori moddalarga (penitsillin, sulfanilamid preparatlar, piramidon, xinin, yod, brom va b.) ortiq darajada sezuvchanlik holati. I. allergik holatlardan biri (qarang Allergiya). I.ning rivojlani-shida irsiy moyillik katta rol oʻynaydi. U shilliq pardalarning qizarishi, eshakem toshishi va burun, badan qichishib achishishi, temperatura koʻtarilishi bilan namoyon boʻladi. Ogʻirroq hollarda nafas qisishi, astmaga oʻxshash hurujlar, qusish, ich ketishi mumkin. Betoblik holati bir lahzada yoki bir necha kundan keyin oʻtib ketadi. I.ning rivojlanish mexanizmi allergik reaksiyadan farq qilib, bunda antitelo va sensibillashgan hujayralar paydo boʻlmaydi (qarang Sensibilizatsiya); kishi oʻta sezuvchan boʻlgan modda organizmga kirishi bilan unga javob reaksiyasi vujudga keladi. I. paydo boʻlganda uni keltirib chiqargan ovqat yoki dorilarni tark etib, vrachga murojaat qilish kerak.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil