Ibn Zayla

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ibn Zayla, Abu Mansur Husayn bin Muhammad bin Tohir bin Umar Zayla (? — 1048) — qomusiy olim, musiqashunos. Zahiriddin Bayhaqiyning maʼlumoticha, isfahonlik. Ibn Sinoning yaqin shogirdi va safdoshi. Oʻz davrida turli (tibbiyot, tabiiy va aniq) fanlar bilimdoni (koʻp asarlari maʼlum) boʻlganligidan hakim (donishmand) deb yuritilgan. "Kitob al-kafi fi almu-siqa" ("Musiqaga oid toʻliq kitob") asari mashhur boʻlib, uning 2 qoʻlyozmasi bizgacha yetib kelgan (London, Britaniya muzeyi kutubxonasi hamda Hindiston, Rampur sh. dagi Rido kutubxonasida saqlanmoqda; arab musiqashunosi Zakariya Yusuf bu kitobni 1964 yil Qohirada nashr ettirdi). Unda Movarounnahr va Huroson xalqlari musiqa madaniyatiga oid maʼlumotlar mavjud. Jumladan, oʻsha davrda keng tarqalgan musiqa janrlari, kuy va qoʻshiklar, musiqa cholgʻulari haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, taʼlif (kompozitsiya), iyqo (usul-ritm), vazn va ohang muammolari yoritilgan. [1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil