Ibn Taymiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ibn Taymiya, Uning toʻliq ismi: Shayx ul-islom Taqiy ad-din Abul-Abbos Ahmad ibn Abdulhalim ibn Majiddin ibn Abdussalom ibn Taymiya al-Harroniy (1263, Harron, Suriya — 1328, Damashq) — hanbaliylik mazhabiga mansub faqih va ilohiyotchi olim. 1269 y. otasi oilasi b-n Damashqqa koʻchib oʻtadi. I. T. dastlab otasi asos solgan Sukkariya madrasasida taʼlim oladi, soʻng 21 yoshida shu madrasaga oʻzi mudarrislik qiladi. 1296 y. Damashkdagi Hanbaliya madrasasida saboq berdi. 1306—12 y. larda Misrda yashadi. Shu davrda u sufiylarning o'liklardan madad so'rashi va Ashariylarning ayrim fikrlari borasida Misr ilohiyotchilari b-n keskin bahslar yuritdi va natijada 2 marta zindonga tushdi. 1313 y. Damashqqa qaytib yana mudarrislik faoliyatini davom ettirdi. Ammo, bu yerda ham 1321 va 1326 y. Tasavuf tarafdorlari tomonidan zindonga tushirildi va tutqunlikda vafot etadi.

I. T. oʻz dunyoqarashi boʻyicha hanbaliylik mazhabining salafiya oqimiga mansub edi. U Muhammad (sav) va sahobalarining fikrlarini 4 mazhab asoschilarining taʼlimotlaridan ustun qoʻyish, ijtihod masalasida esa Qurʼon va hadis matnlari b-n cheklanish tarafdori edi. I. T. islomning "sof" ligi uchun kurashib, falsafa, kalom (xususan, ashʼariylar, mutazilalar) ni, avliyolarga sigʻinish (sufizm) va Muhammad(sav) qabrini ziyorat qilish uchun niyyat qilib safar qilishni ham keskin qoraladi. Niyat faqat Masjidul Nabaviyni ziyorati boʻlishi kerak dedi. Siyosat bobida I. T. davlat va dinning birligi gʻoyasini targʻib etdi. I. T. yozgan ilmiy va diniy asarlar oʻrta asrlar islom merosining tarkibiy qismini tashkil etadi va hamma tomonidan eʼtirof qilinadi. Ammo ayni vaqtda hanbaliylik taʼlimotining toʻda shakllanishida katta xizmat qilgan bu asarlar Yaqin Sharq tarixining keyingi davrlarida islom oqimlari uchun nazariy asos rolini oʻynay boshladi. Hanbaliylarga xos ijtimoiy-siyosiy faollik I. T. asarlarida yuqori darajaga koʻtarilganining sababi shundaki, u davrda Suriya (Shom) dan sharqda joylashgan yerlar moʻgʻullar qoʻl ostida, ammo aholisi musulmon edi. Hatto Eron va Iroqda hukmron boʻlgan ilxonlar (xulaguiylar) ham islomga kirgandilar. Lekin ular dinga kirgani bilan islom shariati bilan emas oʻzlarining eski (ularning anʼanaviy Yasa ) qonunlari bilan davlat yuritar edi. Shuning uchun I. T. ularni haqiqiy musulmon deb hisoblamas, ularni joxillar der va ularga qarshi jihodga daʼvat etdi. I. T. gʻoyalarini keyinchalik bir necha diniy-siyosiy buzuq guruhlar, jumladan, vahhobiylar kengaytirdilar va islomda eng keskin taʼlimotni barpo qildilar. I. T. asarlari islomiy mafkuraning Ahli Sunna yoʻnalishiga va huquqshunoslikka oid muhim manbalardan hisoblanadi. Ibn taymiyaning eng mashhur shogirdlari Ibn Qoyyim al-Javziya va Ibn Kasir hamda Imom Zahabiy hisoblanadi.