Husni Matlab

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Husni Matlab (arab. حسن مطلب - maqsadni chiroyli bayon qilish)- mumtoz adabiyotdagi she’riy san’at, ilmi badi’ga oid manbalarda husni talab, baroati talab, husni suol kabi nomlar bilan ham ataladi. Husni Matlabning mohiyati shundan iboratki, shoir shoh yoki mashuqadan o’zi uchun biror narsa talab qiladi, biroq bu talab nozik lutf, nafis va yoqimli so’zlar yordamida bayon etiladi. Ma’lumki, aksar mumtoz shoirlarimiz shohlaru yirik amaldor, boyu boyonlar homiyligida ijod qilganlar, ularning xizmatlarida bo’lganlar. Shu bois, tabiiyki, bot- bot o’zlari yoki xalqning moddiy yo boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun homiylardan nimadir so’rashlariga to’g’ri kelgan. Biroq so’rashda ham so’rash bor: ta’ma ilinjida yashirmay so’rash ham, valine’matni iydirish maqsadida hamdu sano o’qish ham, hech bir andishasiz talab qilish ham, o’z insonlik sha’nini yerga urmay so’rash ham mumkin. Masalan; “Muhabbatnoma”da homiysi Muhammadxo’jabekni “Masih anfosliq”, “Yusuf Liqo”, “Saxovatidan bazm ichra Hotam uyaladigan” deya ta’riflagach, Xorazmiy o’z talabini ochiq bayon etadi:

Ayitsin banda Xorazmiy duolar,

Karamdin har zamon qilg’il atolar. Mazkur bayt bilan Xorazmiyning:

Ey shoh, karam aylar chog’i teng tut yamonu yaxshini,

Kim, mehr nuri teng tomur vayronu obod ustina,- bayti mazmunan bir- biriga yaqin, ikkisida ham so’rov bor. Faqat Ogahiyning talabi nazokat bilan, san’at darajasida bayon etilgan. Ogahiyning shohga ta’rifi Xorazmiy madhidan kam emas: u “shoh bamisoli quyosh” tarzida qiyosni o’tkazadi, quyoshning nuri barchaga baravar tushishini eslatib, o’zini shohona saxovatdan bebahra qo’ymaslikni so’raydi. Talab san’atkorona ifodalangani uchun ham, shoir oddiygina maddoh yo ta’magir bo’lib suratlanmaydi, balki tasavvurimizda sharqona andisha egasi va hokisor bir kishi, insonlik sha’nini yuksak tutgan zot sifatida gavdalanadi. Ishqiy mavzudagi she’rlarda ham Husni Matlab ko’plab uchraydi. Ularda mashuqaga hitob etayotgan oshiq dilidagi visol talabi nazokat bilan, turli so’z o’yinlarini va hayotiy tamsillar orqali shunday ifoda etiladiki, bundayin latif izhor o’quvchini beixtiyor hayratga soladi. Masalan; Navoiyning:

Sadaqa, chunki balolarni rad aylag’ay, yo Rab,

Jon anga sadqa qilay, manga bag’ishla oni, baytidagi oshiq o’z jonini ma’shuqiga sadqa qilishga tayyorligiyu uni o’ziga bag’ishlashini Allohdan o’ziga xos tarzda chiroyli yo’l bilan so’ramoqda.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Adabiyotshunoslik lug’ati. D. Quronov, Z. Mamajonov, M. Sheraliyeva Toshkent -2013. 403-bet.