Kontent qismiga oʻtish

Husni Matla’

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Husni Matla’ (arabcha حسن مطلع - matla’ning bezagi, husni) - mumtoz adabiyotdagi she’riy san’at, ilmi badi’ga oid manbalarda husni ibtido deb ham yuritiladi. Husni Matla’ san’ati g’azal yoki qasidani o’quvchi diqqatini beixtiyor o’ziga jalb etadigan, unga she’rning davomini o’qishga rag’bat, qiziqish paydo qiladigan tarzda boshlashni taqozo etadi. Ya’ni bunday matla’ imkon qadar yoqimli, chiroyli so’zlardan tarkib topishi, ular vositasida yaratilgan go’zal poetik obraz shunga yarasha chuqur mazmunni ifodalashi kerak. Xullas, she’rning boshlanishiyoq o’quvchini hayratga solishi, zavqlantirishi lozim. Shuning uchun Husni Matla’ she’r boshlanishida o’quvchi ta’bini xira qiladigan, kayfiyatiga salbiy ta’sir o’tkazadigan so’zlar ishlatmasligini, fikrni ortiqcha dabdabali, jimjimador yoki sayoz va mantiqsiz so’zlar bilan ifodalamaslikni, ya’ni lafz va ma’ni orasida uyg’un muvofiqlik bo’lishini talab qiladi. Mumtoz shoirlarimiz she’rni Husni Matla’ talablariga mos tarzda yaratishga jiddiy e’tibor qaratganlar, zero, Matla’ g’azalning ilk taqdimoti ekani, asarga munosabat ilk misralar qoldirgan taasurot asosiga qurilishini yaxshi bilganlar. Buning yorqin dalili sifatida Rashididdin Votvot “Hadotiq us-sehr” asarida keltirgan bir hikoyat mazmunini eslash kifoya. Unda aytilishicha, bir shoir qasida bitib, shoh huzuriga keltiribdi. Shoir qasidani o’qiy boshlaganida, shoh matla’ni eshitiboq: “Qasidaning qolganini o’qishdan to’xta!” - deb xitob qilibdi va xizmatkoriga ming dinor keltirib, shoirga berishini amr qilibdi. O’zi esa shoir iste’dodiga tahsinlar aytib: “Agar qasidaning qolgan baytlari ham matla’ kabi bo’lsa, uning har bir bayti bahosi ming dinor. Mening xazinamda esa buncha mablag’ yo’q”, - degan ekan. She’r ibtidosiga bu qadar katta e’tibor bergan mumtoz shoirlarimiz ijodda mazkur talablarga rioya qilganlar, shu bois ularning g’azallari matla’si bilan nomlanadi, eslanadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Adabiyotshunoslik lug’ati. D. Quronov, Z. Mamajonov, M. Sheraliyeva Toshkent- 2013. 404-bet.