Husnbuzar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Husnbuzar — yogʻ bezlari faoliyatining buzilishi natijasida teriga turli xil toshmalar toshishi. Bir necha xil H. bor. Oddiy H. (yigit guli) koʻpincha yigit-qizlar balogʻatga yetish davrida yuz, koʻkrak va ensa terisida paydo boʻladi. Bu davrda yogʻ bezlari zoʻr berib ishlaydi. Yuz, koʻkrak va yelkalarda yogʻli seboreya alomatlari kuzatilib, teri yaltirab turadi, undagi mayda teshiklar kengayib, koʻzga tashlanadigan boʻlib qoladi, baʼzi yerlarda teri apelsin poʻstiga oʻxshab koʻrinadi. Shu teshiklarga va soch xaltachalariga yogʻ yigʻilib qolishi natijasida qora nuqtalar paydo boʻladi, ular sitilsa, yigʻilib qolgan yogʻ chuvalchangga oʻxshab buralib chiqadi. Agar shu yogʻga yiring paydo qiluvchi mikroblar tushsa, yalligʻlanish jarayoni rivojlanadi. Teri qiza-rib shishadi va sizlogʻich paydo boʻlib, kattalashadi, ogʻriydi, oʻrtasidan soch chiqib turadi, madda boylaydi, keyinchalik u yorilib, ichidan yiring chiqadi. Bora-bora oʻrnida qoramtir dogʻ qoldirib, yoʻqolib ketadi.

Baʼzan terining chuqur qavatida yogʻ yigʻilib, shish paydo boʻladi va yiring boylaydi, keyinchalik pishib yoriladi, oxiri chandiq hosil qilib, bitib ketadi. Erkaklarda koʻpincha yigʻilgan H. uchraydi va uzoq vaqt turadi, yalligʻlanish alomatlari uncha kuchli boʻlmaydi. U bir yerda bitib, boshqa yerdan chiqaveradi; 30—35 yoshda ancha kamayadi.

Yogʻ bezidan koʻplab ajralib chiqayotgan yogʻ teri yuzasiga chiqib ketolmay, bezning biron yerida yigʻilib qoladi. Shu bez yaqinidagi teri muguz qavatining hujayralari ham qoʻshilib, yogʻ bezi yoʻlini butunlay berkitib qoʻyadi va moshdek, baʼzan esa undan kattaroq oq tuguncha hosil qiladi, bu oq H. deb ataladi.

Oq H., odatda, yalligʻlanmaydi, kishiga azob bermaydi, faqat yuz hus-nini buzadi; u koʻpincha peshanada uch-raydi. Neft mahsulotlari va yonilgʻilar bilan ishlovchi ishchilar tirsagi-da, baʼzan terining boshqa ochiq jo-yida yogʻ bezlarining kovaklari ochiladigan teshiklarga neft, yonilgʻi, koʻmir changlari yigʻilib, yogʻ bezlari yoʻlini bekitib qoʻyadi va H. paydo qiladi. Bu kasbga aloqador H.dir.

Nerv sistemasi, ichki sekretsiya bezlari faoliyatining buzilishi, meʼdaichak kasalliklari tufayli ham H. toshishi mumkin.

Odatda H. qishda sovuqda koʻp toshadi; bunga sovuqda yogʻ qotib qolib, yogʻ bezlari kovaklaridan ravon chiqib ketolmasligi sabab boʻlishi mumkin.

Baʼzan H. toshishiga qazi, sur goʻsht, tuzlangan baliq, ikra, shokolad yeyish, shuningdek, qabziyat sabab boʻladi. H. toshishiga moyil kishilar mumkin qadar shu taomlardan parhez qilishlari zarur. Vrach maslahati bilan quyosh nurida toblanish, dengizda choʻmilish, sport bilan shugʻullanish, ochiq havoda sayr qilish, organizmni chiniqtirish H. toshishining oldini oladi.

Terini toʻgʻri parvarish qilish \am muhim ahamiyatga ega. Yalligʻlangan toshmalardagi qora nuqtalarni sitish yaramaydi, aks holda dard ulgʻayib ketadi. Vrach ruxsatisiz har xil kremlar surtmaslik kerak. Husnbuzarni davolash:bir necha yo'llari mavjud,eng ishonchlilari : Stigaro radioto'lqini (vrach nazoratida),nurlantirish,bobuna qaynatmasi qoqio't maskasi (tabiiy),sirka maskasi, vrach korsatmasiga binoan,antibiotiklar,tabiiy antibiotiklar: aloe,qatiq,namatak va boshqa ko'plab giyohlar (asosan,yog' yo'qotadigan va kraxmalli) vositalari mavjud.