Hojimurod

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hojimurod (18-asr oxiri -1852.23.4) — Kavkaz xalqlarining podsho Rossiyasiga qarshi koʻtargan milliy ozodlik harakati rahbarlaridan biri, Shomilning noibi.

Avar xonlariga yaqin xonadonda tugʻilgan va tarbiyalangan. Imom Hamzatbekka qarshi chorizm tomonidan uyushtirilgan suiqasdda faol qatnashgan (1834). Hamzatbekning oʻlimidan soʻng chor Rossiyasining ishonchli odami Ahmadxon Mextulin bilan birgalikda Avar xonligini boshqargan. A. Mextulin yuborib turgan maʼlumotlarga asosan, H. maxfiy ravishda Shomil bilan aloqa bogʻlaganlikda ayblangan va rus maʼmurlari tomonidan qamoqqa olingan (1836). U qamoqdan qochib, Selmes ovuliga oʻrnashgan. Togʻliklarning ozodlik kurashi (qarang: Kavkaz urushlari)ga qoʻshilib, Shomilning eng yaqin safdoshlari va noiblaridan biriga aylangan. Jasur va qatʼiyatli shaxs sifatida podsho qoʻshinlariga qarshi koʻplab janglarda qatnashib, shuhrat qozongan va partizan urushida oʻzining butun harbiy qobiliyatini namoyish qilgan. Imomlik ichidagi baʼzi tartiblar, ruslarga qarshi urush taktikasi va strategiyasi masalalaridagi ixtiloflar, shuningdek, H. xarakterida mavjud takabburlik va manmanlik natijasida u bilan Shomil oʻrtasidagi munosabatlar buzilgan. 1851-yil 23-noyabrda H. ruslar tomoniga oʻtgan, biroq 1852-yil aprelda ulardan qochib, toqqa ketgan va Nuxa shahridagi otishmalar paytida oʻldirilgan. H.ning fojiali oʻlimi rus yozuvchisi L. N. Tolstoyning "Hojimurod" (1896—1904) qissasida oʻz aksini topgan.

LL.Degayev V.V., Imom Shamil: prorok, vlastitel, voin, M., 2001; Kaziyev Sh., Imam Shamil, M., 2001.