Kontent qismiga oʻtish

Hoji Amir Ibrohim Bey

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Hoji Amir Ibrohim Bey
turkcha: Hacı Emir İbrahim Bey
Hojimirogʻullari beyligi hukmdori
Mansab davri
1357 – 1364
Oʻtmishdoshi Bayram Bey
Vorisi Sulaymon Bey
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi taxminan 1357-yilga qadar
Vafoti taxminan 1386-yillarda
Turmush oʻrtogʻi Feodora (Vasiliy I ning qizi)
Bolalari Sulaymon Bey
Hoji Amir II
Inoyat
Ota-onasi Bayram Bey (otasi)

Hoji Amir Ibrohim Bey (turkcha: Hacı Emir İbrahim Bey; 1357-yildan oldin tugʻilgan – taxminan 1386-yilda vafot etgan) – 1357–1364-yillarda Hojimirogʻullari deb atalgan beylik hukmdori.

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hoji Amir Ibrohim Bey Bayram Beyning oʻgʻli boʻlgan. Bayram Bey Hojimirogʻullar beyligining asoschisi boʻlib, beylik markazi Kale qishlogʻida (Mesudiye yaqinida) joylashgan. Manbalarda Ibrohim Beyning tugʻilgan yili va joyi haqida aniq maʼlumotlar koʻrsatilmagan. Hoji Amirning yoshlik yillari haqida ham hech qanday maʼlumot mavjud emas. Ibrohim Bey otasining oʻlimidan keyin Hojimirogʻullari beyligiga hukmdor etib tayinlangan. Turli manbalarda uning hukmdor etib tayinlanishidan keyingi hayoti haqidagina maʼlumotlar keltirilgan.

Mixail Panaretning soʻzlariga koʻra, Komninlar oilasi 1357-yilda Giresunda Rojdestvo bayramini va Yosun-burnuda (Yason burchagi) Epifaniya bayramlarini nishonlagan. Bayram vaqtida sodir boʻlgan nomaʼlum voqealar natijasida oʻn toʻrt nafar turkman qatl etilgan. Bunga javoban 1358-yilning 13-noyabrida Hoji Amir Ibrohim Bey Janik togʻlari etagidan boshlab Trapezund imperiyasi yerlariga koʻplab jangchilar bilan hujum uyushtirgan. Ushbu yurish Giresundan Matsukigacha boʻlgan sharqiy hududlarni egallab olgan, hujum natijasida ekinlar, omborlar vayron va talon-taroj qilingan, koʻplab kishilar asirga olingan, chorva mollari olib ketilgan[1][2][3]. Aleksey III turkmanlar bilan til topishish yoʻllarini izlab, Vasiliy I ning qizi Feodora va oʻzining singlisini Giresunga olib kelgan. 1358-yil 29-avgustda Feodorani Bayram Beyning oʻgʻliga turmushga bergan[1][3][3][4]. Shunday qilib, Trapezund imperatori Hoji Amir Ibrohim Beyning oʻz yerlariga bostirib kirmasligi uchun harakat qilgan va ular bilan ittifoq tuzish maqsadida shunday yoʻl tutgan[1]. Oradan uch yil oʻtgach, 1361-yil dekabr oyida imperator Mixail Panaret hamrohligida singlisini ziyorat qilish uchun Giresunga kelgan. Giresunda imperatorni Hoji Amir Sulaymonning[4] oʻzi kutib olgan[1][3]. Keyinchalik, imperator Hoji Amir bilan boʻlgan munosabatlardan norozi boʻlgan va qoʻshni beylik ustidan hukmronlik qilgan turkman beyligi hukmdori Tojiddinni Hoji Amirga qarshi qayrashga qaror qilgan. Aleksey III qizi Yevdokiyani Tojiddinga turmushga berishga ishontirgan va 1379-yilning 8-oktyabrida ularning nikohini rasman imzolagan. Shunday qilib, Trapezund imperatori qoʻshni beylik hukmdori Tojiddin bilan Hoji Amir Ibrohim Beyga qarshi kurashish maqsadida oʻzaro qarindoshlik rishtalarini bogʻlab, ittifoq tuzishgan[1][3].

Tarixchi Astarobodiy tomonidan keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, hukmdor Tojiddin Hoji Amirning yerlarini egallab olishni istagan va shu sababdan unga hujum uyushtirgan. Baʼzi manbalarda 1364-yilda Hoji Amir Ibrohim Beyning ogʻir kasallikka chalinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar keltirilgan. Shu sababdan Ibrohim Bey oʻlim toʻshagida yotgan paytida qarindoshlari va beylikning yuqori nasabli kishilarni yoniga chaqirib, beylik hukmdorligi uchun uning oʻrnini bosadigan biror kishini tanlamoqchi ekanligini eʼlon qilgan. Ibrohim Bey oʻgʻillari oʻrtasidagi kechishi mumkin boʻlgan taxt uchun kurashning oldini olish va beylikni Tojiddindan himoya qilish uchun ham shunday yoʻl tutgan. Hoji Amir beylikni oʻzining toʻngʻich oʻgʻli, harbiy jihatdan yetuk boʻlgan Sulaymonga qoldirgan, bu haqida tarixchi Astarabadiy shunday deb yozgan: „Uning peshonasida buyuklik va olijanoblik belgilari, yuzida esa yetuklik va mardlik nuri bor edi“. Shu bilan birga, Hoji Amir kasallikdan sogʻayib ketgan taqdirda ham beylik boshqaruviga qaytmaslikka va umrining qolgan qismini ibodat bilan oʻtkazishga vaʼda qilgan. Oʻlim toʻshagida yotgan Ibrohim Beyning atrofida yigʻilganlar ushbu qarorni bir ovozdan maʼqullaganlar. Shundan keyin beylik hukmdori etib Sulaymon Bey tayinlangan. Biroq oradan birmuncha vaqt oʻtgach, Hoji Amir Ibrohim Bey sogʻayib ketgan. Bergan vaʼdasiga zid ravishda beylik hukmdori boʻlgan oʻgʻli Sulaymon Bey bilan janjallashib, yana qayta hukmdor boʻlishga qaror qilgan. Ota-oʻgʻil oʻrtasidagi bu janjal adovatni keltirib chiqargan. Hoji Amir Ibrohim Beyning oʻzi birinchi boʻlib taxt uchun urush boshlagan. Beylikning baʼzi taniqli vakillari Ibrohim Beyni qoʻllab-quvvatlagan boʻlsa-da, boshqalar bu yerda Sulaymonning haq ekanligiga ishonishgan. Bu orada beylikdagi kelishmovchiliklar kuchayib borgan. Mojaro davom etar ekan, dushmanlar beylik yerlariga qoʻl choʻzishni boshlaganlar. Qoʻshni beylik hukmdori Tojiddin vaziyatni kuzatib borgan va Hojimirogʻullari beyligidagi tartibsizlikdan foydalangan holda Terme hududlaridan ularga ikki marotaba hujum qilgan. Garchi Tojiddinning qoʻshini Hojimirogʻullariga qarshi hujumda unchalik katta muvaffaqiyatga erishmagan boʻlsa-da, bu holat ichki janjal davrida beylikning yanada zaiflashishiga sabab boʻlgan[1]. 1386-yilda Sulaymon Bey otasiga qarshi kechgan kurashda gʻalaba qozongan va hokimiyatni toʻliq qoʻlga kiritgan. Shundan keyingi manbalarda Hoji Amir Ibrohim Beyning nomi tilga olinmagan[1]. Katta ehtimol bilan Ibrohim Bey ichki mojarolar paytida vafot etgan boʻlishi mumkin[5].

Vizantiyalik tarixchi olimlar S. Karpov va R. Shukurovlarning fikricha, Hoji Amir betob boʻlganligi bois 1386-yilda hokimiyat uning oʻgʻli Sulaymonga oʻtgan[6].

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hoji Amir Ibrohim Bey 1358-yil 29-avgustda Vasiliy I ning qizi Feodoraga uylangan[1][3][3].

Ibrohim Beyning Sulaymon Bey, Hoji Amir II, Inoyat ismli oʻgʻillari boʻlgan. Ulardan Hoji Amir II va Inoyatlar 1455-yildayoq Usmonli imperiyasi mulki hisobidan yashay boshlashgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 1,8 Karakök 2018.
  2. Necati 2002.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 Михаил Панарет 1905.
  4. 4,0 4,1 Bryer 1975.
  5. Шукуров 2001.
  6. Карпов 2017.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mixail Panaret. Trapezuntskaya xronika / per. A. Xaxanova. – M.: Lazarevskiy institut vostochnix yazikov, 1905. – (Trudi po vostokovedeniyu).
  • Karpov S. P. Istoriya Trapezundskoy imperii. – 2-e izd., ispr. i dop. – SPb.: Aleteyya, 2017. – 745 s. – (Novaya Vizantiyskaya biblioteka. Issledovaniya). – ISBN 978-5-903-35407-8.
  • Shukurov R. M. Velikie Komnini i Vostok (1204—1461). – SPb.: Aleteyya, 2001. – 448 s. – ISBN 5-89329-337-1.
  • Bryer A. Greeks and Türkmens: The Pontic Exception // Dumbarton Oaks Papers. – Washington: Dumbarton Oaks, 1975. – Vol. 29. – P. 113—148. – ISSN 0070-7546.
  • Karakök T. XII. Canik Beyleri/ // Anadolu Beylikleri. – Siyer Basim Yayin Dagitim San. Ve Tic. Ltd. Sti., 2018. – Vol. 11. – (İslam Tarihi ve Medeniyeti). – ISBN 978-6-052-37549-5.
  • Necati D. Hacıemiroğulları Beyliği // Türkler. – Ankara, 2002. – Vol. 6. – S. 824—829.