Harbiy intizom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Harbiy intizom — barcha harbiy xizmatchilarning qonun. harbiy nizomlar, komandirlar (boshliqlar) buyruqlari bilan belgilangan tartib va qoidalarga qatʼiy va aniq rioya etishi. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida Harbiy intizom har bir harbiy xizmatchining Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilishga boʻlgan harbiy burchi va shaxsiy masʼuliyati, oʻz xalqiga misl-siz sadoqatini his qilishga asoslanadi. Harbiy intizom harbiy xizmatchidan harbiy qasamyodga sodiq boʻlishni, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va Konstitutsiyasiga qatʼiyan boʻysunishni; oʻz harbiy burchini mohirlik va jasorat bilan bajarishni; harbiy ishni sidqidildan oʻrganishni; harbiy va davlat mulkini asrashni; harbiy xizmat qiyinchiliklarini mardonavor yengishni, harbiy burchni bajarish uchun oʻz jonini ham ayamaslikni; sergak boʻlishni, harbiy va davlat sirlarini qatiy saqlashni; harbiy xizmatchilar oʻrtasidagi harbiy nizomlarda koʻrsatib berilgan oʻzaro munosabatlarni qoʻllab-quvvatlashni, jangovar birodarlikni mustahkamlashni; komandirlarga (boshliqlarga) va bir-biriga hur.mat koʻrsatish, harbiy salom-alik va xushfeʼllik qoidalariga rioya qilishni; jamoat joylarida oʻzini munosib tutishni, nomunosib xatti-harakatlardan oʻzini va boshqalarni tiyib qolishni va fuqarolarning or va nomusini himoya qilishni talab etadi.

Harbiy intizom har bir harbiy xizmatchining xizmat vazifalariga ongli ravishda munosabati, yuksak huquqiy madaniyati asosida shakllanadi. Harbiy intizomning umumiy va aniq qonun-qoidalari 1996-yil 9-oktabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni tomonidan tasdiqlangan "Oʻzbekiston Respublikasi qurolli Kuchlarining intizom Nizomi" asosida belgilab berilgan. Intizom Nizomi talablarining bajarilishini nazorat qilish komandir (boshliqlar) zimmasiga yuklatilgan.