Harbiy blok

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Harbiy blok — davlatlarning umumiy siyosiy, iqtisodiy va harbiy vazifalarni hal etish uchun birgalikda harakat qilish maqsadida tuzgan harbiysiyosiy ittifoqi yoki shartnomasi. Harbiy bloklar tuzish jahonning ikki qutbga boʻlinishi sharoitida avj olgandi. AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) tuzilgan boʻlsa, sobiq SSSR va uning ittifoqchilari Varshava shartnomasi harbiy blokini tashkil qilgandilar (1955-yil 14-may). Bu hol oʻsha paytda har 2 qutb orasida ziddiyatning keskinlashishiga olib keldi. Sotsialistik tizim yemirilishi bilan SSSR, Albaniya, Bolgariya, Vengriya, GDR, Polsha, Ruminiya va Chexoslovakiya davlatlari aʼzo boʻlgan Varshava shart-nomasi oʻzoʻzidan barham topdi (1991-yil 1-iyul). Janubi-sharqiy Osiyo davlatlarining bir qismini birlashtirish maqsadida 1954-yil Manila (Filippin) shahrida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Tailand, Filippin va Pokiston vakillari tomonidan imzolangan SEATO (Janubi-sharqiy Osiyo shart-nomasi tashkiloti) harbiy blokini esa 1975-yil sentabrda tarqatib yuborishga qaror qilingan. Yaqin va Oʻrta Sharqdagi harbiy siyosiy tashkilot — SENTO (Markaziy shartnoma tashkiloti) tuzilganda (1955) unga Buyuk Britaniya, Turkiya, Iroq, Eron va Pokiston aʼzo boʻlib kirgan edi. Bu tashkilot 1979-yil avgustda oʻz faoliyatini toʻxtatgan.