Kontent qismiga oʻtish

Halil Mutlu

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Halil Mutlu
Shaxsiy maʼlumotlari
Taxallusi/Laqabi „Dinamo“
Fuqaroligi Turkiya bayrogʻi Turkiya
Bolgariya bayrogʻi Bolgariya
Tavallud sanasi 14-iyul 1973-yil (1973-07-14) (51 yosh)
Bolgariya Postnik, Momchilgrad munisipaliteti, Kardjali provinsiyasi, Bolgariya Xalq Respublikasi
Faoliyat yillari 1992—2008
Boʻyi 1.50 m
Sport
Mamlakat Turkiya bayrogʻi Turkiya
Qaysi sport Ogʻir atletika
Klubi Konya Kombassan
Murabbiy(lar)i Ibrahim Elmali

Halil Mutlu (tugʻilgandagi ismi Halil Aliev[1]; 1973-yil 14-iyul; Postnik, Bolgariya) — turkiyalik sobiq professional ogʻir atletikachi. Koʻp karra jahon va olimpiya chempioni. Mutlu Olimpiya oʻyinlarida ketma-ket uchta oltin medalni qoʻlga kiritgan beshta ogʻir atletikachidan biri. Uning sportchilik faoliyatidagi yutuqlari beshta jahon chempionati, toʻqqizta Yevropa chempionati va 20 dan ortiq jahon rekordlarini (52, 54 va 56 kg vazn toifalarida) oʻz ichiga oladi.

1994-yilda Yevropa va jahon chempionatlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Bunday musobaqalarda gʻolib boʻlish tez orada Mutlu uchun odatiy holga aylanib qolgan. Faoliyatidagi dastlabki olimpiya oʻyinlarida 1992-yilda 52 kg vazn toifasidagi musobaqada qatnashgan va beshinchi oʻrinni egallagan[2]. 1996-yilda 54 kg vazn toifasida amaldagi jahon chempioni va jahon rekordchisi sifatida olimpiadada ishtirok etgan. Atlantadagi olimpiya oʻyinlarida Mutlu siltab koʻtarish boʻyicha jahon rekordini yangilagan va oltin medalni qoʻlga kiritgan[3]. 1999-yilgi jahon chempionatida kumush medal sovrindori Adrian Jigauni taxminan 20 kilogrammga ortda qoldirib, jahon rekordini yangilagan holda chempionlikni qoʻlga kiritgan[4]. 2000-yilgi Sidney olimpiadasiga qadar hech qaysi musobaqada magʻlub boʻlmagan va Sidneyda ham raqiblaridan yaqqol ustunlik qilgan. Bu safar Halil dast koʻtarishda ham, siltab koʻtarishda ham jahon rekordini oʻrnatgan 56 kg vazn toifasida chempionlikni qoʻlga kiritgan[5].

2003-yilda yelkasidan olgan jarohati sababli vaqtincha −62 kg vazn toifasiga oʻtgan.

Mutlu 1990-yillarning oʻrtalaridan boshlab oʻz vazn toifasida ustunlik qilgan. 2004-yilgi Afina olimpiadasigacha 2002-yilgi mavsumni jarohati tufayli oʻtkazib yuborgan boʻlishiga qaramasdan, besh marta jahon chempionligini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlgan. Afinada xitoylik Vu Meyjinni dast koʻtarishda 5 kg va siltab koʻtarishda 7,5 kilogrammga ortda qoldirgan. Shu tariqa yana bir marta olimpiada chempionligini qoʻlga kiritgan[6].

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mutlu uylangan va 1990-yillarning boshidan beri Turkiyaning Anqara shahrida yashaydi. U Koniyadagi Konya Kombassan klubi aʼzosi boʻlgan. Ibrahim Elmali Halilga murabbiylik qilgan. Mutlu ogʻir atletikadan tashqari kurashni bilan ham shugʻullanib turgan.