Gulob

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gulob — 1) tortish (haydash) usuli bilan atirgul gulbargidan olingan xushboʻy suyuklik, atirgul moyi. Ilgari G. xonaki usulda quyidagicha olingan: sopol yoki chinni kosa gulbarg bilan toʻldiriladi. Uning ustiga qamish naycha suqilgan qopqoq yopiladi. Qozonga suv quyib, kosa suvga qoʻyiladi. Qamish naychaning uchiga ikkinchi boʻlak qamish yotigʻiga (gorizontal), uchinchi boʻlak pastga qaratib oʻrnatiladi (qamish oʻrniga mis naychadan foydalansa ham boʻladi). Sovuq suvli chelakka gul bugʻi yigʻiladigan shisha qoʻyilib, naychaning uchi shunga tushiriladi. Kozondagi suv qaynatilganida kosadagi gulbarg suyuqligi bugʻlanib, naycha orqali oʻtib, ikkinchi idishda soviydi va yigʻiladi. Hosil boʻlgan suyuklik kosaga qayta quyilib, yana haydalsa, tiniq va xushbuy modda — G. hosil buladi. Umuman G. oʻz sifatiga koʻra 4 xil buladi. G. necha marta buglantirib olingan boʻlsa, shuncha otashli (mas, "bir otashli", "ikki otashli") deb ataladi. Toʻrt otashli G. yuqori sifatli hisoblanadi (yana q. Atirgul moyi). G. Sharq, ayniqsa fors, oʻzbek xalqlariga qadimdan maʼlum. Hindiston, Markaziy Osiyo shaharlarida G. tayyorlaydigan korxonalar boʻlgan.

G.dan yurakka foydali doridarmon sifatida tabobatda ham qoʻllanilgan. Nisholda, novvot, shakar kabi shirinliklarning rangi va taʼmini yaxshilashda, xushboʻy ichimliklar tayyorlashda G. ishlatilgan. Sharqxalqlari oʻrtasida nikoh kuni goʻshangaga G. sepish rasm boʻlgan. Keyingi davrlarda G. tayyorlash xalq orasida davom etib kelgan. Baʼzan rayhondan ham yuqoridagi usul bilan G. olinadi. Rayxrndan olingan G. juda xushbuy va qimmatli qisoblanadi; 2) atirgulning suvidan tayyorlangan ichimlik. Gulbarglar toza suvda yuviladi. Qozon yoki kastryulkaga solinadi va bir oz suv quyib qaynatiladi. Tagi kuymasligi uchun kovlab turiladi. Soʻngra bargni olib tashlab, qolgan suvni dokada suzib, shakar aralashtiriladi va shishaga quyiladi, shishaning ogʻzi havo kirmaydigan qilib berkitiladi. Shishadagi suyuklik 10—12 kunda qaynab chiqadi. Bir qancha kundan soʻng qaynovi bosiladi. Bunday G. spirtli ichimlik xususiyatlariga ega boʻladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil