Grim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Grim (frans. grime, ital. grumo — ajinli) — 1) aktyorlik sanʼatida qiyofa (asosan yuz)ni ijro etiladigan rolga moslab (maxsus boʻyoq bilan boʻyab, sunʼiy soch-soqol yopishtirib, sochni rolga moslab tarash va sh.k.) oʻzgartirish sanʼati. Obraz yaratishda muhim vositalardan biri. Pyesa yoki ssenariyning badiiy xususiyatlari, bezaklari, qahramonning feʼl-atvori, aktyor va rej.ning ijodiy maqsadiga qarab qar xil boʻladi.

Teatr da G. tarixi qad. xalq sayillari va oʻyinlariga borib taqaladi. Xitoy, Hindiston, Yaponiya va b. Sharq, mamlakatlarida ham G.dan foydalanilgan. Aktyor yuziga chizilgan rasmlar koʻrinish jihatidan niqobga yaqin boʻlib, baʼzan uning oʻrnini bosgan. Lekin G. niqobga nisbatan harakterliroq boʻlgani sababli aktyorlar faqat G.dan foydalanganlar. 18 — 19-asrlarda koʻpgina rus aktyorlari G.ga obraz yaratishda milliy va tarixiy harakteristika vositasi deb qarashgan. K. Stanislavskiy ham G.ni qahramon psixologiyasini ochishga yordam beruvchi eng zarur vosita deb bilgan. G. rej. gʻoyasini amalga oshirishda eng muhim tarkibiy qismlardan boʻlgani sababli teatr rej.i va rassomning eng yaqin yordamchisi boʻlib G.chi-rassom vazifasi yuzaga keldi.

Kinoda G. oʻziga xos xususiyatga ega. G. operator texnikasi talabiga (plyonkaning rang yoki yorugʻlikka taʼsirchanligiga qarab) mos boʻlishi lozim. G. qilishda salgina soxtalik, sunʼiylikka yoʻl qoʻyilishi filmga nuqson boʻlib tushadi. G. qilish murakkab jarayon boʻlib, u ssenariychi, rej. fikri va operator ishi bilan bogʻliq. G.chi-rassom suratga olish jarayoni va kinotexnika imkoniyatlarini bilishi lozim. Agar aktyorning yuzi katta oʻzgarishlarni talab qilsa, u holda plastik G. yopishtiriladi, yengil, yumshok, rezina qoʻllaniladi. Plastik G. egiluvchan, elastik boʻlib, u kishi yuziga juda qulay joylashadi. Bu uslubni birinchi marta 1930 y.da sankt-peterburglik rassom R. Raugul qoʻllagan. Rangli filmlarning takomillashib borishi G.chi-rassomlar oldiga yangi vazifalar qoʻymoqda, ular G.ni kiyimning oʻziga xos xususiyatlari bilan uygʻunlashtirishga harakat qilib, G.dan foydalanish usullarini muntazam oʻzgartirib bormoqdalar.

Sirkda masharabozlarning chiqishlarida va harakterli rollari bor yirik tomoshalarda qoʻllaniladi. Sirk yuzaga kelgan davrdan boshlab masharabozlar yuzlariga oq narsalar surib tomosha koʻrsatishgan. 19-asr oxiri 20-asr boshlarida G. masharabozlikda muhim omillardan biriga aylandi. Zamonaviy sirkda hayotiy G. koʻproq qoʻllanilmoqda. Oʻzbek xalq masharaboz va qiziqchilari — Yusufjon qiziq Shakarjonov, Aka Buxor, Akrom Yusupov kabilar oʻz ijodlarida G.dan koʻp foydalanishgan. 2) G. uchun zarur boʻlgan boʻyoq va buyumlar. G. boʻyoqlari maxsus resept asosida tayyorlanib, turli xil ranglar bilan aralashtiriladi.

Mohina Ashirova.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil