Granitlanish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Granitlanish - Yer poʻstining chuqur qismlarida boʻladigan murakkab jarayonlar natijasida turli (choʻkindi, otqindi, metamorfik) togʻ jinslarining oʻzgarib, tarkibi, tuzilishiga koʻra granitga oʻxshash jinsga aylanishi G.ga uchragan jinslarning tarkibi va strukturasi butunlay oʻzgarib ketadi. G. togʻ jinslarini ishqorli metallar va SiO2 bilan boyishi va ulardan Fe, Mg va Sa chiqib ketishi va magma hosil boʻlishi bilan bogʻliq; u asosan geosinklinallarning juda chuqur zonalarida burmalar hosil boʻlishi paytida rivojlanadi. G. toʻgʻrisida turli fikrlar bor. Vir guruh olimlar G. yer bagʻridan chiqadigan gaz va suyuq eritmalarning togʻ jinslariga taʼsiri natijasida paydo boʻladi deyishsa, boshqalari G. qattiq jinslar ionlarining bir-biri bilan aralashishi (diffuziyasi) natijasida hosil boʻladi deydilar. G. magmaning togʻ jinslariga taʼsiri natijasida sodir boʻladi degan fikrlar ham bor. Yer poʻstida boʻladigan jarayonlarni aniqlashda G.ning ahamiyati katta.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil