Granata

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Granata (ital. — granata) — jangovar qurollarning bir turi; portlovchi (zaryadli) snaryadlarning umumiy nomi. Birinchi marta 16-asrda qoʻl bilan irgʻitiladigan, 17-asrda artilleriya G.lari paydo boʻldi. Dastlabki G.larda zaryad sifatida yorituvchi yoki yondiruvchi moddalar, keyinchalik porox ishlatilgan, hozirgi G.larda asosan trotil deb ataladigan portlovchi modda ishlatiladi. G.ning korpusi poʻlat yoki poʻlatsimon choʻyandan yasaladi. Portlash taʼsiriga koʻra G.lar parchalanuvchi (dushman jonli kuchlari va texnikasiga shikast yetkazish uchun qoʻllaniladi), parchalanuvchi-fugas va fugas G. (mudofaa istehkomlarini portlovchi zaryad gazi kuchi bilan vayron qilish hamda jonli kuchlarga shikast yetkazish uchun qoʻllaniladi), parchalanuvchi-yondiruvchi xillarga (kichik kalibrli zenit artilleriyasida qoʻllaniladi) boʻlinadi. Qoʻl bilan irgʻitiladigan G.lar parchalanuvchi va tankka qarshi qoʻllaniladigan; mexanizmining tuzilishiga koʻra, zarb taʼsirida tez portlaydigan va maʼlum vaqtdan keyin portlaydigan G.larga boʻlinadi. Maʼlum vaqtdan keyin portlaydigan G.lar pana joylarda hujumga oʻtilganda va b. hollarda qoʻllaniladi, zarb taʼsirida tez portlaydigan G.lar esa tankka qarshi, pulemyot va b. xil oʻt ochish nuqtalarini vayron qilishda ishlatiladi. Mashq G.laridan harbiy qism (boʻlinma)larda askarlarni va sport maydonlarida sportchilarni G. irgʻitishga oʻrgatishda foydalaniladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil