Gorizontal drenaj

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gorizontal drenaj - zax qochiruvchi drenaj turi; ortiqcha tuproqgrunt suvlarini yigʻish va ularni zaxi qochiriladigan hududdan tashqariga chiqarib yuborish uchun qurilgan ochiq kanal (zovur)lar yoki uzluksiz drenaj (suvoqar) koʻrinishida yerga yotqizilgan quvurlar tizimidan iborat. Asosiy drenalar (tartibga soluvchi qism), suv qabul qilgichlar G.d.ning asosiy qismlaridir. Gidrostatik bosim farqi taʼsirida suvning drenalarga sizilib chiqishi hisobiga yer osti suvlari sathi tartibga solinadi. Sizib chiqqan suv drenadan oʻzi oqib ketadi. Oʻrta Osiyoda G.d. eng koʻp tarqalgan boʻlib, melioratsiyalanadigan (zaxi qochiriladigan) yerlarning 85% dan koʻprogʻiga xizmat koʻrsatadi.

G. d. tuzilishi boʻyicha ochiq yoki yopiq; ishlash usuliga koʻra zaxi qochiriladigan maydonda bir tekis joylashtirilgan muntazam hamda muayyan joylardagina (siyrak) joylashtirilgan ochiq yoki yopiq zovur va kollektorlar; xizmat muddati boʻyicha doimiy (meliorativ tizimning butun ishlash davrida aeratsiya zonasidagi tuproq-gruntning zarur suv-tuz tartibotini taʼminlaydi) va muvaqqat (doimiy drenaj ishlab turgan boʻlsada, shoʻr bosgan va oʻta shoʻrxok yerlarda faqat joriy shoʻr yuvish davrida shoʻrsizlantirish jarayonini tezlatish uchun quriladi) turlarga boʻlinadi (qarang Shoʻr yuvish). Muayyan tuproq-gidrogeologik sharoitlarda G.d.ning zax tortish quvvatini kuchaytirish maqsadida ularga kuchaytirgich — burgʻi qudugʻi ulanadi.

Ochiq drenajlar bir qancha jiddiy kamchiliklari (drenajlar va zovurlar texnik holatining yomonlashishi, zax qochirish davrining uzoq davom etishi, shoʻr yuvishda suvning koʻp sarflanishi va b.) tufayli uni kamroq qoʻllash yoʻlidan borilmoqda. Oʻzbekistonda yopiq drenaj tarmoqlari 1930—40-yillarda Mirzachoʻldagi tajriba melioratsiya st-yasida qurilgan. Koʻpgina afzalliklar (uzoq foydalanish, tez va qisqa fursatda sugʻorishga imkoniyat yaratishi, suvni tejash va b.)ga ega boʻlgani uchun bunday drenajlar 60-y.larda Mirzachoʻldagi qoʻriq yerlarni oʻzlashtirishda keng joriy etildi.

Hoz. yopiq drenajlarning yangi vakuumli, elektr osmotik, qoʻsh qavatli turlari ishlab chiqilgan (ular turli chuqurliklarga yotqiziladigan va texnika vositalari bilan jihozlangan drenajlar majmuidan iborat). Avtomatik vositalardan foydalanib, boshqariladigan drenaj tarmoqlari barpo qilinmoqda. Oʻzbekistonda umumiy uz. 30 ming km dan ortiq xoʻjaliklararo zovurlar bor; yopiq G.d. tarmogʻining umumiy uz. 9 ming km dan koʻproq (2000).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Gorizontalniy drenaj oroshayemix zemel, M., 1979.