Golfstrim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Golfstrim (ing . Gulf Stream -qoʻltiq oqimi) — Atlantika okeanining shim. qismidagi iliq oqim. Aslida G. bir qancha iliq oqimlardan iborat boʻlib, Florida ya. o. qirgʻogʻidan Shpitsbergen va Novaya Zemlya o.larigacha 10 ming km masofaga oqib boradi. G. dastlab Florida qoʻltigʻining jan. qismida hosil boʻladi. Passat shamoli suvni Yukatan boʻgʻozi orqali Meksika qoʻltigʻiga haydaydi va oqibatda Meksika qoʻltigʻi suvi sathi bilan Atlantika okeanining shu atrofdagi qismi sathida kattagina farq vujudga keladi. Okeanga kiraverishda oqim hajmi sekundiga 25 mln.m3 (sutkasiga 2160 km3) ga yetadi, bu esa butun Yer sharidagi barcha daryolarning suv sarfidan 20 marta ortiqdir. Okeanda bu oqim Antil oqimi bilan qoʻshiladi, shundan soʻng 38° sh. k.da G.da sekundiga 82 mln. m3 suv oqadi. G. okeanda soatiga 6 km (baʼzan 10 km) tezlik bilan shimolga karab Shim. Amerika materigi sohili boʻylab oʻtadi. Oqimning eni jan.da 75 km, Xatteras burni yaqinida 110–120 km, qalinligi 700–800 m. G. juda koʻp issiqlik hamda tuz olib keladi. Suv yuzasida oʻrtacha yillik temperatura 25—26°, shoʻrligi 36,2—36,4%", 400 m chuqurlikda 10—12°, Nyufaundlend sayozligining jan. chekkasi yonida G.ga shimoldan sovuq Labrador oqimi yaqinlashib keladi. Ana shu yerda ikki xil suv aralashadi va yuza qatlamdagi suv pastga tushadi. Taxminan 40° gʻ. u.da G. Shimoliy Atlantika oqimi nomini oladi, bu oqim gʻarbiy va jan.gʻarbiy shamollar taʼsirida Okeanii gʻarbdan sharqqa kesib oʻtadi va Yevropa yaqinida asta-sekin shim.-sharqqa buriladi. Tomson portiga yaqinlashganda Shim. Atlantika oqimidan Irminger iliq oqimi ajralib chiqib, Baffin dengizi tomon ketadi. Shim. Atlantikaoqimining asosiy qismi Norvegiya dengizidan chiqqach, Shpitsbergen oqimi nomini oladi va Skandinaviya ya. o.ning gʻarbiy qirgʻogʻi boʻylab shim. ga qarab ketadi, shundan soʻng Shpitsbergen o.larining gʻarbiy qirgʻogʻi yaqinidan oʻtib, Shpitsbergendan shim. da bu oqim pastga tushib ketadi va Shim. Muz okeanidan yana bir oz sezilib turadi. G. va uning davomi boʻlgan iliq oqimlar Shim. Muz okeani va uning dengizlari suviga, organik dunyosiga, Yevropaning Atlantika okeaniga yaqin mamlakatlari iqlimiga katta taʼsir etadi. Iliq suv Yevropa havosini ilitib turadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil