Gipergen jarayonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gipergen jarayonlar - Yer poʻsti va uning yuzasidagi mineral moddalarning atmosfera, gidrosfera va tirik organizmlar taʼsirida past temperaturalarda kimyoviy va fizik oʻzgarishi. G. j. kimyoviy ajralish, erish, gidroliz, gidratatsiya, oksidlanish, karbonatlanish va b. hodisalarda namoyon boʻladi.

G. j. taʼsirida quyidagilar kelib chiqadi: foydali qazilmalarning oksidlanishi va nurash poʻstining vujudga kelishi, tuproq hosil boʻlishi, yer osti, daryo, koʻl, dengiz va okeanlar suv tarkibining shakllanishi, xemogen va biogen choʻkishning yuzaga kelishi, choʻkishning diagenez va ilk epigenezi. Endogen jarayonlar uchun asosiy omillar temperatura va bosim boʻlsa, G. j. uchun muhitning ishqorlilik yoki kislotalilik darajasi va oksidlanish-tiklanish imkoniyati muhimdir. Biogeokimyoviy jarayonlar ham katta rol oʻynaydi. G. j. ning muhim tashqi omili iqlim boʻlib, G. j.ning yer yuzasida joylashish qonuniyati — zonallik esa ilk bor V. V. Dokuchayev tomonidan aniqlangan. G. j. natijasida qimmatbaho foydali qazilma konlar vujudga keladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil