Gingivit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gingivit (lot. gingiva — milk, itis — yalliglanish) — milk shilliq qavatining yalligʻlanishi. Meʼda-ichak, nafas aʼzolari, yurak-tomir, nerv sistemasi, periodontit, paradontoz, qon kasalliklari, infeksion kasalliklar, avitaminozlar, ogʻir metallar (simob, qoʻrgʻoshin va b.)ning tuzlaridan zaharlanish,. tish toshi G.ga sabab boʻladi. Baʼzan antibiotshlar yoki boshqa dorilar qabul qilinganda ham G. yuzaga keladi. Hayz sikli buzilganda, homiladorlik va balogʻatga yetish davrida koʻp uchraydi. Chirigan tish qirrasi, notoʻgʻri qoʻyilgan tish yoki yasama tish, shuningdek, dagʻal tish choʻtkasining milkni chaqalashi, kimyoviy moddalar va issiqdan kuyish ham G.ga sabab boʻlishi mumkin. G.da milk qizarib shishadi, bezillab turadi va salga qonaydi (kataral G.), milk cheti kulrang karash bilan qoplanadi, ostidan yara chiqadi, ogʻizdan sassiq hid keladi. Soʻlak oqadi, t-ra koʻtariladi, jagʻ ostidagi limfa bezlari kattalashadi (yarali G.); milk oʻsib, butun tishni qoplaydi, ogʻriq sezilmaydi (gipertrofik G.) yoki aksincha tish ildizi ochilib qoladi (atrofik G.). G. ga xos dastlabki alomatlar paydo boʻlganda darhol vrachga koʻrinish zarur. Oldini olish uchun ogʻiz boʻshligʻini toza tutish, bot-bot stomatolog vrachga murojaat qilib, tish toshini oldirish va chirigan tishlarni davolatib turish lozim (yana q. Stomatit).

Saidqosim Arifov.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil