Gilon respublikasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gilon respublikasi - Rossiya armiyasining Eronga qilgan bosqini (intervensiya) natijasida Gilon viloyatida tuzilgan respublika (1920 y. 4 iyun—1921 y. 7 noyabr). 1920 y. 18 mayda Rossiya floti Eronda sovet rejimini oʻrnatish maqsadida Enzaliga harbiy desant tushirdi. Qizil askarlar Eron mujohidlari bilan birgalikda Gilon viloyatining markazi Rasht sh.ni egallashdi. G. r. tuzilganligi eʼlon qilinib, Kichikxon Mirzo boshchiligida muvaqqat hukumat tashkil topdi. Kichikxon Mirzo qoʻshinida 8000 kishi boʻlib, undan 6000 kishi sovet askarlari edi. Oradan koʻp oʻtmay Kichikxon Mirzo bilan bolsheviklar oʻrtasida ixtilof vujudga keldi. 31 iyulda Gilonda sovet armiyasi Kichikxon Mirzo hukumatini agʻdarib tashlab, Ehsonulloxon boshchiligida Eron kommunistlaridan iborat inqilobiy qoʻmita — revkom tuzishdi. Sovet qoʻshinlari va Eron qizil armiyasi 1 avg .da Menjil sh.ni egallab, Qazvin va Tehronga qarab yurish qildilar. Biroq 15 avg .da ular Kazvin vodiysida inglizlar va shoh qoʻshinlaridan magʻlubiyatga uchrab, 16 avg .da Menjildan ham chekinishdi. Eron shohi qoʻshinlari 24 sent.da Rashtni kizil askarlardan ozod qildi. G. r. ning hukumat idoralari Enzaliga koʻchirildi. Rossiyadan yetib kelgan kizil askarlarning koʻmagida 22 okt. da Rasht yana bosib olindi. Shaharni 45000 aholi tark etdi. Noyabr oxirida Rossiyadan yana 3000 jangchi joʻnatildi. Eron qizil armiyasi qoʻmondoni N.F. Gikalo edi. Xalqaro vaziyat keskinlashib ketishidan choʻchigan Rossiya Moskvada Eron bilan shartnoma imzolashga (1921 y. 26 fevral) majbur boʻlgach, qizil askarlarni chaqirib olish majburiyatini oldi.

1921 y. 6 mayda Kichikxon Mirzo yana Gilon hukumatini boshqargan. U Gilondan qizil armiya chiqib ketishini qatʼiyan talab qildi va sotsialistik yoʻnalishdan voz kechdi. Kichikxon Mirzo 19 sent.da Gilondagi sovet va fors kommunistlariga qarshi ochiq hujumga oʻtdi. Eron shohi qoʻshinlari bilan boʻlgan jangda Kichikxon Mirzo magʻlubiyatga uchradi va noyabrning boshida oʻldirildi. Shoh qoʻshinlari Rasht va Enzalini egalladi, G. r. tugatildi. 1921 y. 9 noyabrda Gilon viloyati Eron shohi maʼmuriyati hukmi ostiga oʻtkazildi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Persii M. A., Zastenchivaya intervensiya. O sovetskom vtorjenii v Iran i Buharu v 1920-1921 gg , 2-izd, M., 1999; Oʻzbekistonning yangi tarixi. Konseptual — metodologik muammolar, T., 1998.

Qahramon Rajabov.