Gidrouzel

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gidrouzel, gidrotexnika inshootlari uzeli —joylashishi va uygʻunlikda ishlash sharoitlari boʻyicha birlashgan gidrotexnika inshootlari guruhi. Asosiy vazifasiga koʻra gidroenergetika (Chirchiq daryosidagi Gʻazalkent, Sirdaryodagi Farhod); energetika, sugʻorish, suv taʼminoti, baliqchilik xoʻjaligi uchun daryodan suv olishni taʼminlaydigan suv olgichlar (Sux daryosidagi Sariqoʻrgʻon va b.); daryo oqimini tartibga soladigan (Chirchiq daryosidagi Chorvoq, Qoradaryodagi Andijon); suv transporti G. va b. guruhlarga bulinadi. Aksariyat G. bir yoʻla bir qancha suv xujaligi vazifalarini hal qilishni moʻljallab quriladi (Vaxsh daryosidagi Toʻxtagʻul —sugʻorish, energetika, oqimni tartibga solish; Amudaryodagi Tuyamoʻyin —sugʻorish, oqimni tartibga solish). G. past bosimli (toʻgʻon oldidagi suv chuqurligi — bosim farqi 15 m dan oshmaydi), oʻrta bosimli (bosim farqi 15–50 m) va yuqori bosimli (bosim farqi 50 m dan yuqori) buladi. Past bosimli G. asosan suv olish va transport ehtiyojlariga, togʻ daryolarida energetikaga, yuqori va urta bosimli G. esa energetika, irrigatsiya va transport maqsadlariga muljallanadi.

G. tarkibiga asosiy va yordamchi inshootlar kiradi. Asosiy inshootlar: zarur bosimni hosil qiluvchi toʻgʻon, suv ombori; suv tashlagich-obpartov (shaxtasimon, sifonli, minorali, tunnelli va b.), bahordagi oshiqcha toshqin suvlarni quyi byefga (toʻgʻon ortiga) tashlashga hamda suv omborini boʻshatish maqsadida suvni chiqarib yuborishga xizmat qiladi; toʻgʻon oldida hosil boʻluvchi oqiziq choʻkindilarni yuvish uchun moʻljallangan qurilmalar; rostlagich yoki tekislagich —toʻsqich va oqim yoʻnaltirgich dambalar, tekislaydigan va qirgʻoqni mustahkamlaydigan inshootlar; asosiy inshootlarni qirgʻoq bilan yoki konstruksiyalarning ayrim elementlarini oʻzaro bogʻlaydigan birlashtiruvchi inshootlar (tutash dambalar, tirgaklar, boʻlgich ustunlar va b.); yuqori byefdan muz parchalarini chiqarib tashlaydigan, muhim qismlarini muz bosimidan va muz parchalarining tiqilib qolishidan saqlaydigan muzdan saqdagich yoki muz toʻsgichlar; maxsus inshootlar (GES, kema shlyuzlari, baliq oʻtkazgichlar va b.) Yordamchi inshootlarga maʼmuriyxoʻjalik binolari, yoʻllar, vodoprovod va sh. k. kommunikatsiyalar kiradi.

G. asosiy inshootlarining mutanosib joylashtirilishi suv xoʻjaligi maqsadlariga qulay boʻlishi (suvni qulay va muntazam oʻtkazishi, inshootlarning oʻzaro muvofiqligini taʼminlashi) kerak. Ayni paytda G. estetik talablarga ham javob berishi lozim. Oʻrta Osiyodagi G.ning koʻpchiligi at-rofidagi tabiat bilan uzviy bogʻlangan meʼmoriy majmuani tashkil etadi (mas, Zarafshon daryosidagi Oqdaryo-Qoradaryo, Isfayramsoydagi Polmon, Norin daryosidagi Uchqoʻrgʻon, Qoradaryodagi Kuyganyor va b. G.lar).

Sugʻorma dehqonchilik sharoitlarida suv taqsimoti va suv resurslaridan samarali foydalanishda G.ning ahamiyati katta. Toshqinlar, muzlik va qorliklarning tez erishi, yogʻinlar davrida suv G.ning suv omborida yigʻiladi. Toʻplangan suv daryolarda suv kamayib, ekinlarni sugʻorish davom etayotgan davrda kanallarga beriladi. Suv kamchil yillarda G.lar suv omborlari bilan birga uzluksiz sugʻorishni taʼminlaydi.

Masharip Baqoyev.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil