Gidroaeromexanika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gidroaeromexanika (gidro..., aero... va mexanika) — mexanikaning suyuq va gazeimon muhitlar muvozanati va harakatini, ularning birbiriga va qattiq jismlarga taʼsirini oʻrganish bilan shugʻullanadigan boʻlimi. G. kundalik hayot ehtiyojlari bilan chambarchas bogʻliq holda rivojlandi. Gidrotexnika qurilmalari (kanallar, quduqlar), suvda suzish vositalari (sol, qayiq) qadim zamonlardan maʼlum. G. ga asos solgan Arximed gidrostatika qonunlarini kashf qilgan, suyuqliklar muvozanati nazariyasini yaratgan. Keyinchalik, Leonardo da Vinchi jismlarning suyuqpik va gazlardagi harakatini oʻrgangan, qushlarning uchishini kuzatib, muhit qarshiligi mavjudligini kashf qilgan. B. Paskal suyuqlikning istalgan nuqtasida bosim kuchi hamma yoʻnalishda bir xil boʻlishini aniqlagan. I. Nyuton G. qonun va tenglamalarini nazariy isbotlab bergan. Nazariy G. asoschilari L. Eyler. D. Bernulli G.ni mexanikaning qonunlariga tatbiq qilishgan. 19-asr boshida G.da qovushoq suyuqliklar harakati oʻrganildi, u gidravlika, gidrotexnika va mashinasozlikning tez rivojlanishiga turtki boʻldi. Qovushoqlik kuchi har qanday harakatga qarshilik qilishini tajriba koʻrsatdi.

19-asr oxirida G.ning yana bir yoʻnalishi — siqiluvchan muhitlar oqishini oʻrganish rivojlandi. Barcha suyuqliklar amalda siqilmaydi, aksincha, gazlar hajmini (yaʼni zichligini, bosim temperaturasini oshirib) osongina oʻzgartirsa boʻladi; G. ning siqiluvchan muhitlar harakatini oʻrganadigan boʻlimi gaz dinamikasi deyiladi. Aviatsiya va raketa texnikasining rivojlanishi, EHM, kompyuterning paydo boʻlishi munosabati bilan aerodinamika va gaz dinamikasi ham rivojlandi. G.ning siqilmaydigan suyuqliklar harakati muvozanatini oʻrganadigan boʻlimi gidromexanika, iqlim va obhavoni oʻrganadigan boʻlimidinamik meteorologiya deyiladi. G. mat., fizika va kimyo fanlari bilan uzviy bogʻlangan. G. usullari va tavsiyalari aviatsiya, gidromashinasozlik, kemasozlik, sanoat aerodinamikasi, qurilish, q. h. sohalarida keng qoʻllaniladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil