Geterogen sistema

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Geterogen sistema (yun. heterogenes — har xil jinsli) — fizik xossalari yoki kimyoviy tarkiblari jihatdan har xil qismlar (turli fazalar)dan tuzilgan bir jinsli boʻlmagan fizik-kimyoviy sistema; oʻz xossalariga koʻra, ajratuvchi sirtlar bilan ajralgan turli qismlardan iborat boʻladi. G. s.ning bir fazasi bilan qoʻshni faza oʻrtasidagi yuzada sistemaning bir yoki bir necha xossasi (tarkibi, zichligi, kristall panjara parametrlari, elektr yoki magnit maydoni va h.k.) birdaniga oʻzgaradi. Suv va uning ustidagi suv bugʻi (agregat holatida farq bor), oʻzaro aralashmaydigan ikki suyuqlik — moy va suv (tarkibi farq qiladi) va h. k. G. s.ga misol boʻla oladi. Koʻpincha G. s. bilan gomogen (bir jinsli) sistema oʻrtasida keskin chegara yoʻq. Mexanik aralashmalar (suspenziyalar, emulsiyalar) bilan chin (molekulyar) eritmalar oraligʻi kolloid eritmalar bilan band. Kolloid eritmalarda erigan modda zarralari ularga faza tushunchasini tatbiq etib boʻlmaydigan darajada mayda boʻladi. "G. s." iborasi fizika va kimyoda, ayniqsa, kimyoviy termodinamikada keng qoʻllaniladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil