Gessen pashshasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gessen pashshasi (Mayetiola destructor) —gʻurra yasarlar oilasiga mansub zararkunanda hasharot. Uzunligi 2,5— 3,5 mm, qoʻngʻir tusda. Urgʻochisining qornida qizil yoki qoʻngʻir-sariq dogʻlar, biqinida pushti chiziqlar bor. Koʻkragi qora. Moʻylovi qoʻngʻir-sariq. Qanotining uchi doira shaklda, chetida tukchalari bor, oyogʻi uzun. G. p. keng tarqalgan. Asosan, kuzgi bugʻdoyda soxta pilla davrida qishlaydi. Pashshalar gʻumbdklari mart, aprelda uchib chiqadi. G.p. bugʻdoy, baʼzan arpa va javdar barglariga 500 tagacha tuxum qoʻyadi. Qurtlari barg qinlariga kirib gʻurra hosil qiladi. Bir yil davomida uchta nasli rivojlanadi. Quruq va issiq yozda rivojlanishi toʻxtaydi, gʻalla oʻrimidan kuzgi ekinlar ekilguncha soxta pilla davrida qoladi. G.p. bilan shikastlangan oʻsimlik qoramtir tusga kirib, barglari yiriklashadi, poyasi yoʻgʻonlashadi va soʻliy boshlaydi. Baʼzan qurib qoladi. Kurash choralari: pashsha uchish davrida ekin 30% li metafos yoki sumi-alfa e. k. (0,3 l/ga) purkaladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil