Gerontologiya
Gerontologiya (yunoncha, geron, gerontos — keksa, qari va logiya — fan) — tirik organizmlar, jumladan, odamning qarish jarayonini oʻrganadigan tibbiyot fanlari yoʻnalishidan biri hamda tibbiyot va biologiya fanlarining bir boʻlimi. Yoshi katta organizm kasalliklarining xususiyatlari haqidagi taʼlimot — geriatriya, keksaygan va katta yoshdagi kishilar gigiyenasi haqidagi taʼlimot —gerogigiyena, keksalar psixikasi va feʼl-atvorini oʻrganadigan taʼlimot — gerontopsixologiya ham gerontologiyaning asosiy tarkibiy qismidir. Infeksion kasalliklardan nobud boʻlishning hamda bolalar oʻlimining kamayishi va boshqa omillar umr uzayishiga yordam beradi. Qarish sabablari haqida bir necha nazariya ilgari surildi. I. I. Mechnikov fikricha, ichakda yashaydigan bakteriyalarda moddalar almashinuvi mahsulotlari va organizmning oʻzida azotli moddalar almashinuvining mahsulotlari (siydik kislota) kishi organizmini zaharlab, tez qarishga sabab boʻladi. Hozir gerontologiya qarish sabablari va mexanizmlarini molekula va hujayradan tortib to butun organizm darajasida oʻrganmoqda. Gerontologiya asosan, eksperimental, klinik va ijtimoiy yoʻnalishlarda rivojlanmoqda. Gerontologiyaning ijtimoiy gigiyena sohasidagi ilmiy tadqiqotlari barvaqt qarish sabablarini ijtimoiy sharoitga, kishilarning yashash tarziga bogʻlab oʻrganish, keksaygan kishilarning moddiy taʼminoti, mehnat qilishi, ovqatlanishi, yurish-turishini maqsadga muvofiq tashkil etish, ijtimoiy va tibbiy yordam berishning eng maqbul usullarini qidirib topishga qaratilgan.
Oʻzbekistonda gerontologiya va geriatriya muammolari I va II ToshTI, vrachlar malakasini oshirish instituti ichki va asab kasalliklari hamda jarrohlik kafedralarida professorlar R. M. Nurmuhamedov, A. R. Rahimjonov, E. Y. Qosimov, N. N. Nasriddinova, M. G. Rustamovalar, dotsentlar L. E. Otaxonova, M. H. Hojiboyev va b. tomonidan oʻrganilmoqda. Ibn Sino Xalqaro jamgʻarmasi qoshida tashkil qilingan Ibn Sino gerontologiya markazi (2000-yil) da ham gerontologiya sohasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda (Sh. B. Ergashev, L. E. Yoʻldosheva va boshqalar tomonida).
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Tibbiyotga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |