Geografik determenizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Geografik determenizm.

Jahon xaritasi-1570

O‘zbekiston joylashgan hudud turli xil mezonlarga ko‘ra, ulkan geosiyosiy ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston dunyoning strategik ahamiyatga molik bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasining qoq markazida joylashgan. Bu geografik jihatdan bevosita Makkinder tomonidan ishlab chiqilgan “Heartland” nazariyasini ayni ko‘rishidir. 1904 yilda ingliz olimi H.Makkinder “Tarixning geografik o‘qi” nomli ma’ruzasini “Geografiya juranali”da chop etdi va bu fan tarixidagi eng yorqin geosiyosiy matnga aylandi. H.Makkinder davlat uchun eng qulay geografik joylashuv bu uning markazidir, deb hisoblaydi. Uning qayd etishicha, butun jahon nuqtai nazaridan, erning markazida Yevroosiyo qit’asi, uning markazida esa “Heartland” (Yerning yuragi) joylashgan. Shundan kelib chiqib, H.Makkinder quyidagi konsepsiyasini ilgari surdi: “Kim Sharqiy Evropada hukmronlik qilsa, u “Heartland” ustidan hukmronlik qiladi, kim “Heartland” ustidan hukmronlik qilsa, dunyo orollarini boshqaradi, dunyo orollarini boshqargan, butun dunyoni boshqaradi”. Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti (Foreign Policy Research Institute) eksperti Kriss Sipl o‘z maqolasida Makkinderning nazariy formulasiga tayangan holda O‘zbekistonni Evroosiyoning geosiyosiy xartlendi deb nomlaydi va Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatida O‘zbekiston amaliy geosiyosati bilan alohida ajralib turishini tahlil etadi. Kriss Siplning asosiy e’tibori O‘zbekistonning 2001 yil sentyabr voqealaridan so‘ng AQSH va Yevropa bilan bog‘langan hamkorligiga qaratiladi. Uning fikriga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning xartlenddagi strategik ahamiyatini 2001 yildan so‘nggina anglab etdi. Yuqoridagi qarashlarni to‘ldirib, tadqiqotchi O.Sirojov quyidagicha yozadi: “Ma’lumki, geosiyosatdagi mavjud xartlend nazariyasiga ko‘ra, Markaziy Osiyo yer yuzi, mintaqalarning geosiyosiy yadrosi yoki markazi hisoblanadi. Markaziy Osiyoning xartlendi, geosiyosiy yadrosi esa O‘zbekistondir. SHu nuqtai nazardan, mamlakat poytaxti Toshkentga “Sharq darvozasi” deb ta’rif berishadi” . Ushbu fiklarga muvofiq eng muhim dalil shuki, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi bilan umumiy chegaraga ega mintaqada yagona davlatdir. Aniqroq qilib aytganda, O‘zbekiston tashqi siyosiy qarorlari o‘z-o‘zidan mintaqaning geosiyosiy yo‘nalishlarini belgilashga ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Bu O‘zbekistonning mintaqadagi geosiyosiy o‘rnini etakchi kuch markazlari tomonidan jiddiy e’tiborga olishni talab etadi. Ekspert V.Paramonov Markaziy Osiyoga tashqi kuchlarning ta’sirini baholar ekan, mintaqaviy va jahon darajasidagi davlatlar ushbu mintaqaga geosiyosiy regionalizm yondashuvi asosida hamda Evroosiyo kuch markazlari o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy manfaatlar tutashgan yagona geosiyosiy makon sifatida qarashlarini qayd etadi. Bundan tashqari, ushbu geosiyosiy makonda faqat O‘zbekiston shunday kuch markazlarining bevosita ta’siridan tabiiy muhofazalangan mintaqadagi yagona davlat hamdir. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston mintaqada Rossiya, Xitoy, Eron singari kuch markazlari bilan bevosita chegaraga ega emas. Bunday geosiyosiy maqom parallel ravishda O‘zbekiston zimmasiga mintaqada kuchlar muvozanati va o‘zaro ichki barqarorlikni ta’minlash mas’uliyatini ham yuklaydi. O‘zbekiston jahonning to‘rtta yadroviy davlati (Rossiya, Xitoy, Pokiston va Hindiston) qurshovida bo‘lgan yagona mintaqaning markaziy qismi hisoblanadi. Rasmiy Toshkent yadroviy omilning mintaqaga harbiy-siyosiy ta’sir va bosim o‘tkazish vositasiga aylanish ehtimoli mavjudligini anglagan holda “Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud to‘g‘risidagi” shartnomasi (Semipalatinsk, 2006 yil 8 sentyabr) tashabbuskoriga aylandi. Mazkur shartnoma nafaqat mintaqaviy, balki XXI asr xalqaro xavfsizlik tizimini barpo etishdagi dastlabki qadam bo‘ldi, deb ta’kidlashga barcha asoslar bor. 2014 yil 6 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida mazkur tashkilot tuzilganidan buyon birinchi marotaba besh yadroviy davlat - AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy va Rossiya yakdillik bilan va bir paytning o‘zida muhim xalqaro hujjatni - Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona barpo etish to‘g‘risidagi shartnomaga Xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi protokolni imzolashdi . Geografik determenizm omilini bayon etishda O‘zbekistonning strategik yo‘laklarga olib chiquvchi tranzit chorrahasida joylashganini ham nazardan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Mamlakatimiz Evropani Osiyo, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo, Uzoq SHarqni YAqin SHarq bilan bog‘lash mumkin bo‘lgan transport-kommunikatsiya yo‘laklarining muhim halqasidir. O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov ayni shunday geostrategik joylashuvning tahlikali jihatlari ham mavjudligini shunday izohlaydi: “O‘zbekiston amalda Fors ko‘rfazi, Kaspiy dengizi havzasi va Tarim havzasining neft va gazga juda boy konlari joylashgan yarim halqaning strategik markazidir. YA’ni, bu yarim halqa atrofida butun dunyoda energiya taqchilligi sharoitida yaqin yillarda Evroosiyo va jahon kelajagi uchun hal qiluvchi rol o‘ynaydigan energiya zaxiralari mavjud” . SHu ma’noda, O‘zbekiston jo‘g‘rofiy-siyosiy holati mintaqalararo transport-tranzit tizimlarida o‘z o‘rnini topa olishi zarurligini anglatadi. Har tomonlama yopiq bo‘lganiga qaramay, O‘zbekistonning xalqaro Sharq-G‘arb, SHimol-Janub transport yo‘llaridagi geografik joylashuvi unga xalqaro transport tarmog‘ining zaruriy qismi bo‘lishida katta imkoniyatni taqdim etadi. Shu boisdan tarixda Buyuk ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlari O‘zbekiston joylashgan hududlardan o‘tgan. Zamonaviy ipak yo‘lini tiklashga qaratilgan Xitoyning “Bir makon – bir yo‘l” (One Belt, One Road) loyihasi istiqbollari ham shak-shubhasiz, O‘zbekistonning mintaqalararo transport-tranzit chorrahasi sifatidagi rolini e’tirof etilishiga uzviy bog‘liq.

Qozog'iston demografiyasi 1897-1970 yillar.

Demografik ustunlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Geosiyosat kategoriyalari orasida demografik omilni o‘rni ham yuqori afzalliklarni o‘zida mujassam etadi. Demografik omilning o‘ziga xos jihati shundaki, u geosiyosatning barcha elementlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, aholi sonining yuqori ekanligi ishchi kuchi qatlami va mamlakat iqtisodiyotining tayanch negizi hisoblanadi. Ikkinchidan, nufus omili davlatga geografik makonning chegara tanlamas imkoniyatini beradi. Uchinchidan, demografik salohiyat bu harbiy salohiyatni yuksaltirish manbaidir. Demografik jarayonlar geosiyosatning an’anaviy va o‘zgarmas ta’sir vositasi ekanligi haqida F.Ratselning nazariy qarashlari hamon dolzarb xususiyatga ega. Uning fikricha, demografik omil geosiyosatning xarakteri va yo‘nalishini belgilaydi. Kam sonli aholi rivojlanishning pasayishiga, davlatni osonlik bilan bosib olishga olib keladi. Va aksincha, aholining ko‘p sonli bo‘lishi o‘z hayotiy makonlarini kengaytirish uchun sezilarli imkoniyatlarni taqdim etadi. O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida eng ko‘p aholiga ega davlat bo‘lib, Davlat statistika qo‘mitasining 2020 yil yanvar holatidagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat doimiy aholisining soni 33 mln. 960 ming nafardan ortiq. Ushbu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo umumiy aholisining taxminan uchdan ikki qismiga yaqinroq demakdir. Ekspertlar O‘zbekistonda aholi sur’ati yildan yilga o‘sib borayotgani istiqbolda nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH makonida O‘zbekistonning rolini yanada oshishiga xizmat qilishini taxmin qilishmoqda. Masalan, rosssiyalik ekspert A.Kazansev postsovet makonidagi aholini qiyoslab, quyidagicha yozadi: “Ukraina aholisining keksayishi va tug‘ilishning pasayishi, O‘zbekistonda esa tug‘ilish va yoshlar qatlamining o‘sishi (70% gacha yoshlar) O‘zbekistonni tez orada postsovet makonida aholi soni jihatidan ikkinchi o‘ringa chiqishidan darak beradi. Geosiyosiy nuqtai nazardan, postsovet makoni ko‘proq “osiyocha” ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Qozog‘iston allaqachon YAIM bo‘yicha Ukrainani ortda qoldirgan holda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, O‘zbekistonning tezlik bilan mutlaq aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘ringa ko‘tarilishi istiqbolda postsovet makonining evropa qismi roli sezilarli darajada tushib ketishini anglatadi”. Tadqiqotchi SH.Fayziev O‘zbekiston geosiyosatida demografik omilning ustuvor ahamiyatli ekanini qayd etar ekan, bu borada muhim jihatga e’tibor qaratishni tavsiya etadi: “O‘z geosiyosiy o‘rnidan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston oldidagi eng muhim strategik vazifa millatlarning barqaror o‘sishi va rivojlanishiga sharoitlar yaratish maqsadi o‘laroq, shuningdek O‘rta Osiyo mintaqasida ulkan barqarorlashtiiruvchi omil sifatida o‘z demografik potensialidan oqilona foydalanishdir. Geosiyosiy sharoitda davlatning demografik tarkibiy qismlari nafaqat mintaqaviy doirada, balki yana ham kengroq –o‘zgaruvchan xalqaro munosabatlarning global tizimi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi lozim”. Yana bir e’tiborli jihat shuki, Markaziy Osiyo mintaqasida O‘zbekiston aholisi eng ko‘p millatli aholi hisoblanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4 modda ikkinchi qismida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, moddada esa “O‘zbekiston xalqini, millatidan qat’iy nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi” , deb qayd etilgan. Bugungi kunda O‘zbekiston zaminidagi barcha millat va elatlar o‘zaro tinch-totuv yashab kelmoqda, ularning hamjihatlikda va hech bir muammosiz yashashi uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratilgan. Bu o‘rinda O‘zbekistonda tashkil etilgan 138 ta milliy madaniy markaz (MMM) faoliyati muhim o‘rin tutadi. Ulardan 14 tasi Respublika MMM mavqeiga ega bo‘lib, Toshkent shahrida 23 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 ta va viloyatlarda 96 ta MMM faoliyat yuritmoqda. Mintaqaning o‘ziga xos xususiyatini hisobga olgan holda aytish mumkinki, millatlararo munosabatlarda O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilgan barqaror siyosat ayni shu millat va elatlar istiqomat qiladigan davlatlar bilan faol va samarali hamkorlik qilish imkoniyatini taqdim etibgina qolmasdan, shubhasiz yirik davlatlarni Markaziy Osiyo mintaqasidagi millatlararo munosabatlar vositasi bilan bog‘liq bo‘lgan geosiyosiy ta’sirini sezilarli ravishda kamaytiradi. Mamlakatimiz demografik salohiyatining yana bir o‘ziga xos xususiyati mavjud. O‘zbekiston mintaqa davlatlaridan farqli ravishda, bir xil gomogen aholi tarkibiga ega. Bu erda aholining 85% ni titul millat vakillar tashkil etadi. Umuman olganda, o‘zbeklar Markaziy Osiyodagi eng ko‘p sonli millat hisoblanadi. AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) “World Factbook” hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘zbeklar Qirg‘izistonda umumiy aholining 14,7%, Tojikistonda 13,8%, Afg‘onistonda 11%, Turkmanistonda 5% va Qozog‘istonda 3,2% ni tashkil etadi. Aholi soniga nisbatan hisoblaganda, bugungi kunda Afg‘onistonning o‘zida 5 milliondan ziyod o‘zbek millati vakillari istiqomat qiladi.

Harbiy qudrat va mintaqaviy xavfsizlik omili[tahrir | manbasini tahrirlash]

Angliya harbiy qudratining tiklanishi (1904)

Geosiyosatning kuchli vositalaridan biri bo‘lgan harbiy qudrat omilida ham O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining eng etakchi davlatidir. Global harbiy qudrat indeksining 2020 yildagi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoda 138 davlat orasidan 52-o‘rinni, Osiyoda 45 davlat orasidan 23-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa eng qudratlisi deb qayd etilgan. Mazkur hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonning faol qo‘shinlari 50 ming kishini tashkil etib, jangovar tanklari 420 ta, samolyotlarni umumiy soni 185 ta, (shundan 66 tasi jangovar samolyotlar), vertolyotlar umumiy soni 79 tani (shundan 25 tasi hujumkor) tashkil etadi 18 . SHu bilan birgalikda, MRB keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda O‘zbekiston harbiy harajatlari YAIMning 4% ulushini tashkil etib, dunyo davlatlari ichida 12-o‘rinni, MDH davlatlari ichida esa 1-o‘rinni egallagan. O‘zbekiston mintaqadagi davlatlar orasida o‘zining mustaqil harbiy salohiyatini namoyon etib, tashqi kuchlarning mintaqaga harbiy ta’sirini kamaytirishda milliy huquqiy va amaliy asoslarga ega. Xususan, 2018 yil 9 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi”ga ko‘ra, O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi siyosati quyidagi prinsiplarga asoslangan: boshqa davlatlarga qarshi harbiy kuch ishlatmaslik, bundan harbiy tajovuzning oldini olish va uni daf etish hollari mustasno; xavfsizlikning bo‘linmasligi, o‘z xavfsizligini boshqa davlatlar xavfsizligi hisobiga mustahkamlashga yo‘l qo‘yilmasligi; boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish; harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik, har qanday davlatlararo tuzilmadan, agar u harbiy-siyosiy blok etib o‘zgartirilsa, chiqib ketish huquqini o‘zida saqlab qolish; mudofaaning etarli darajada bo‘lishi; harbiy qurilishning zamonaviy harbiy mojarolar xususiyatiga monand bo‘lishi; yadroviy va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurolini ishlab chiqarish, olish, saqlash, tarqatish va joylashtirishdan voz kechish; Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona to‘g‘risidagi shartnoma prinsiplariga sodiqlik; o‘z hududida chet el harbiy bazalari va ob’ektlarining joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik; Qurolli Kuchlarning xorijdagi tinchlik o‘rnatish bilan bog‘liq operatsiyalarda va harbiy mojarolarda ishtirok etmasligi. O‘zbekiston uzoq yillar davomida mintaqaviy xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalar savdosi singari omillarga qarshi munosib kurash olib bordi va mintaqaviy xavfsizlikning kafolati ekanligini amalda namoyon qildi. Ch.Ko‘charov monografik tadqiqotida bu masala xususida quyidagicha fikrlarni uchratish mumkin: “O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi xalqaro munosabatlarda geosiyosiy muhim o‘ringa ega. Uning tashqi siyosati mintaqada shakllanayotgan xavfsizlik tizimini yaratishda etakchi hisoblanadi. Albatta, mintaqaning boshqa davlatlarini ham umumiy xavfsizlikdagi ta’sirini past baholash xato bo‘lur edi. Lekin jahonning etakchi salohiyatli davlatlarining ushbu mintaqadagi manfaatlarini muvozanatga solib turishda mintaqa ichidagi davlatlar har xil darajada imkoniyatlarga ega”. Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat O‘zbekiston 90 yillarning boshlarida boshlangan Afg‘oniston va Tojikistondagi fuqarolar urushidan mintaqaga kelishi mumkin bo‘lgan xavfga qarshi geografik va harbiy qalqon vazifasini bajardi. XXI asr boshlarida Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizlik tizimida vujudga kelgan o‘zgarishlar natijasi o‘laroq 2004 yilda SHHT Aksilterror tuzilmasining Toshkentda tashkil etilishi ham bu fikrni amalda tasdiqlaydi. Darhaqiqat, milliy va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashda O‘zbekiston xavfsizlik tashkilotlarining roli va o‘rni katta. “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunda tashkilotning huquqiy maqomi va faoliyatining quyidagi muhim yo‘nalishlari qayd etiladi: O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va davlat manfaatlari tashqi hamda ichki tahdidlardan himoya qilinishini ta’minlash, mazkur sohada qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqbuzarlikni oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish; O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo‘lgan tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo‘yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish; O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasini qo‘riqlash va himoya qilish; Terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish.

Tarixiy omillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘zbekiston tarixi buyuk sivilizatsiyalar va imperiyalar tarixidir. O‘tmishda O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent va boshqa shaharlari qadimiy Markaziy Osiyo hududlarining siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy rivojlanish markazi bo‘lgan. Taniqli siyosatshunos Z.Bjezinskiy ham O‘zbekistonning mazkur tarixiy nufuziga alohida urg‘u beradi: “Amaliy jihatdan O‘zbekiston O‘rta Osiyoda mintaqaviy etakchilik roliga asosiy da’vogar hisoblanadi. O‘zbekiston siyosiy elitasi atayin yangi davlatni din, astronomiya va san’at ilmini o‘rganish uchun mashhur mintaqaviy markazi Samarqand bo‘lgan Temurlanning ulkan O‘rta asrlar imperiyasi vorislari deb atamoqda. Bu jihat zamonaviy O‘zbekistonda qo‘shnilari bilan taqqoslaganda tarixiy vorislik va diniy missiyani chuqur his etishni mustahkamlaydi”. Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti a’zosi O.Zotov esa 2001 yil voqealaridan so‘ng O‘zbekiston amalga oshirgan geosiyosatga tanqidiy yondashuv orqali baho beradi. Zotov o‘z tanqidiy qarashini Amir Temur geosiyosati haqidagi tarixiy o‘xshatish orqali ko‘rsatib berishga harakat qiladi. Uning yozishicha, Temur xaosni bartaraf etib, Aleksandr va Chingizxon imperiyasini qayta tikladi. Bir tomondan, u Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon va salibchilarni tor-mor keltirib, g‘arb gegemonizmiga qarshi turgan bo‘lsa, boshqa tomondan, Rossiya va Xitoy bilan ittifoq tuzishga harakat qildi. Shu tariqa, ushbu ma’rifatli hukmdor jahon hukmronligiga intilmasdan Yevroosiyoda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatdi. Zotov nuqtai nazariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda ham shunday voqelik vujudga kelmoqda va bunga qarshi turish uchun O‘zbekiston MDH va SHHT singari Yevroosiyo tuzilmalari atrofida birlashishi lozim. Ta’kidlashimiz joizki, Zotovning mulohazalarida Amir Temurning SHarqdan tashqari, G‘arb bilan olib borgan faol geosiyosati nazardan chetda qoladi, davr siyosatini ko‘proq Rossiya bilan o‘rnatish lozim, degan bir tomonlama xulosa va yondashuvga asoslanadi. SHu nuqtai nazardan olib qaraganda tarixiy omilni tadqiq etishda boshqa muhim jihatlarni ham e’tiborga olish zarur. Tadqiqotchi D.Muitov 1999 yil “Ijtimoiy fikr. Inson huquqlari” jurnalida chop etilgan maqolasida O‘zbekiston geosiyosatini tarixiy tajriba asosida siyosiy tahlil etish va shu orqali uning geosiyosiy xususiyatlarini o‘rganish ma’qul ekanligiga quyidagicha izoh beradi: “...O‘zbekistonning geopolitik xususiyatini siyosiy-tarixiy tahlil qilish orqali davlatlar va ittifoqchilikning, hududiy-geografik siyosatning o‘zaro aloqadorligini anglatuvchi ma’lum bir ilmiy xulosalarga kelish mumkin. Xalqaro maydonda geopolitik g‘oyaning elementlari nafaqat buyuk davlatlar rejalarida, shu bilan birga mintaqadagi davlatlarning siyosatida, o‘z milliy chegaralaridan uzoq bo‘lgan hududlarda strategik va iqtisodiy nazorat o‘rnatishdagi raqobatida ham aks etayotganligini ta’kidlash zarurdir. SHundan kelib chiqib, O‘zbekistonning geopolitik va geostrategik xususiyatlari naqadar murakkabliklarga to‘qnash ekanligini aytish bilan birga uni o‘rganish uchun metodologik manba sifatida siyosatshunoslik, falsafa, tarix va boshqa ijtimoiy fanlarning yutuqlarini mujassam etgan. Siyosiy jarayonlarga xarakteristika beruvchi sistemali-strukturaviy uslubdan foydalanish vaqti kelganligini ta’kidlash joizdir”. Darhaqiqat, O‘zbekistonning shonli tarixi uning mintaqa kelajagi uchun ham muhim mavqeini anglash imkonini beradi.

Savdo-iqtisodiy imkoniyatlar va tabiiy-xom ashyo resurslari[tahrir | manbasini tahrirlash]

High Street, Kardigan

Mintaqaning iqtisodiy rivojlanishi jarayonlarida O‘zbekiston etakchi davlatlardan biri. Markaziy Osiyoda eng ko‘p aholi va qulay geostrategik joylashuvga ega bo‘lgan O‘zbekiston mintaqaning eng katta bozori hisoblanadi. Bu bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston bozori butun Markaziy Osiyo bozori darvozasidir. Britaniyaning nufuzli “The Economist” jurnali 2019 yilda O‘zbekistonni “Yil mamlakati” deb tan olgani ham bu boradagi o‘ziga xos e’tirofdir. Jahon bankining global iqtisodiy istiqbollariga oid 2020 yil yanvar oyidagi hisobotida O‘zbekiston Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich – 2020 yilda 5,7%, 2021-2022 yillarda 6% o‘sishi taxmin qilinadi. Jahon bankining 2020 yil iyunda nashr etilgan hisobotida ham koronavirus pandemiyasiga qaramay, O‘zbekiston butun yil davomida iqtisodiyotning ijobiy o‘sish ko‘rsatkichlari bo‘yicha keyingi yillrada Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yagona mamlakat bo‘lib qolishi bashorat qilinadi. Mamlakatimizning tabiiy-xom ashyo resurslari strategik xususiyatga ega. Mamlakatimizda 3000 ta foydali qazilma konlari aniqlangan bo‘lib, ularning 1100 tasi qazib olishga tayyor, xususan, 50 tasi asl, 41 tasi rangli, nodir, radioaktiv va qora metallar, 187 tasi yoqilg‘i-energetika, 19 tasi kon-kimyo, 45 tasi konchilik xom ashyosi, shuningdek, qurilish materiallari, er osti suvlari va boshqa foydali qazilma konlaridan iborat. O‘zbekiston er osti boyliklari istiqboli juda ulkan. O‘zbekiston hududining faqat 20% maydonida geologik razvedka ishlari olib borilgan. Jumladan, O‘zbekistonda sanoat ahamiyatiga ega 86 ta neft konlari ochilgan bo‘lib, ulardan 36 tasi neft, 24 tasi neft-gaz va gaz-neft, 26 tasi neft-gaz kondensat konlari toifasiga kiradi. Aniqlangan oltin zaxiralari bo‘yicha respublika jahonda to‘rtinchi, qazib olish darajasi bo‘yicha to‘qqizinchi o‘rinda. O‘zbekistonlik geologlar tomonidan Evroosiyoda yirik hisoblangan shtokverk tipli koni (Muruntov) topilgan. O‘zbekiston misning razvedka qilingan zaxirasi va qazib olish bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlarida etakchidir. Mis konlarining 12% Janubiy Tyanshan, 80% O‘rta Tyanshan va 8% Hisor burmali sistemasiga to‘g‘ri keladi. Uran zaxirasi bo‘yicha esa O‘zbekiston jahonda 7-8 o‘rinlarni zabt etgan. Respublikamizda foydali qazilmalarning qolgan turlari bo‘yicha ham ulkan boyliklari mavjud. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatini belgilab beradigan sohalar – qishloq xo‘jaligi, engil sanoat, mashinasozlik, turizm va mehnat salohiyati bo‘yicha mintaqada etakchi nufuzga ega. Biroq, bir qator ob’ektiv omillarga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiy salohiyati o‘z imkoniyatlari va salohiyatini to‘liq namoyon eta olmayapti. Geografik jihatdan jahon dengiz portlari va yo‘laklariga chiqishning murakkab ekanligi, demografik o‘sish sharoitida mehnat bozorida raqobatning kuchayishi, ishchi o‘rinlari, suv resurslari muammosi va boshqa bir necha omillar O‘zbekistonni makroiqtisodiy rivojlanish jarayonlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Serhosil va unumdor erlar, er osti qazilmalari va boshqa shu singari iqtisodiy ustunliklar qatorida O‘zbekistonning oraliqda joylashgani mamlakat uchun qiyinchiliklar tug‘dirishi, mahsulotlar etishtirish, ular eksporti, uning ta’minoti, asosan, qo‘shni davlatlar nazoratida qolishiga olib keladi. O‘z navbatida, O‘zbekiston zaminida mavjud bo‘lgan tabiiy-xom ashyo boyliklarining qazib olinmagan zaxiralari, mintaqaviy istiqbolli yirik loyihalar, mintaqalararo transport infrastrukturasi, turizm va hokazo ustuvor jihatlar hisobga olinadigan bo‘lsa, mamlakat mintaqaning geoiqtisodiy markaziga aylanish salohiyatini anglash qiyin emas.