Gent
Gent, Gan — Belgiyaning shim.gʻarbidagi shahar, Lis va Shelda daryolari qoʻshilgan joyda. Sharqiy Flandriya provinsiyasining maʼmuriy markazi. Aholisi shahar atrofi bilan 230,2 ming kishi (1992). Gent yozma manbalarda VII asrdan boshlab tilga olingan.
Transport yoʻllarining tuguni. Gent ahamiyati jihatidan mamlakatda 2-oʻrindagi dengiz porti (yuk ortish va tushirish yiliga 25 mln. t). Kanal orqali Shim. dengizga chiqiladi. Gent Belgiyaning asosiy sanoat markazlaridan biri. Toʻqimachilik (ip gazlama) sanoati qadimdan (X asrdan) rivojlangan. Mashinasozlik, metallsozlik, elektrotexnika, kimyo, oziq-ovqat, qogʻoz sanoati korxonalari bor. Qadimdan toʻr (krujeva) toʻqish bilan mashhur. Eksport uchun gul yetishtiriladi, gullar koʻrgazmasi oʻtkaziladi. Chetdan paxta va zigʻir tolasi, kumir, neft mahsulotlari keltiriladi. Urta asr meʼmoriy yodgorliklaridan gotika sobori (XII—XVI asrlar), shahar minorasi (XII—XIV asrlar) saqlanib qolgan. Gent flamand xalqi madaniyatining markazi. Universitet (1817), muzeylar bor. Turizm rivojlangan. Shaharga VII asrda asos solingan. Gent oʻrta asr flamandlar shahri qiyofasini saqlab qolgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |