Gemmologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gemmologiya( gemma va ...logiya) — javohirlar (qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar)ni oʻrganuvchi fan. Qadimda javohirlar va ulardan ishlangan buyumlar Yevropada gemma deb atalgan. Baʼzi olimlar G.ni mineralogiyaning bir sohasi deb hisoblaydilar. Gemmologlar fikricha, G. mustaqil fan. G. javohirlarning fizik xususiyatlari, kimyoviy tarkibi, bezaklik fazilatlari, konlari minerageniyasi, ishlov berish texnologiyasini, shuningdek tayyorlangan buyumlarning bozor narxlarini belgilash, ularga boʻlgan ehtiyojning oʻzgarib turish qonuniyatlarini, javohirlarni sunʼiy ravishda tayyorlashni oʻrganadi.

Dunyoning koʻp mamlakatlarida (asosan AQSH, Angliya, Germaniya, Yaponiya) G. intlari, birlashmalari, uyushmalari, lab.lari mavjud. Maxsus "Gemmologiya" jurnali nashr qilinadi (AQSH, Yaponiya). Oʻrta Osiyo, xususan Oʻzbekiston hududida qimmatbaho toshlar xossalarini oʻrganish va ulardan zargarlik buyumlari yasash mil. av. 1-ming yillikdan maʼlum. Abu Rayhon Beruniy "Mineralogiya" asarida javohirlarning paydo boʻlishi, ularning fizik, kimyoviy xossalari haqida yozgan. G. asosan 20-asr boshlarida mineral xom ashyolarni tekshirishning yangi usullari (qutbli optika, rentgen strukturali tahlil, spektrometriya va b.) qoʻllanila boshlangandan soʻng tez shakllandi. G.ning rivojlanishida Rossiyada A. Ye. Fersman, G. P. Barinov va b.ning qimmatbaho toshlar toʻgʻrisidagi asarlari muhim rol oʻynadi. Oʻzbekistonda hozir amaliy G. taraqqiy etgan boʻlib, oʻzbek zargarlarining ishlarida oʻz ifodasini topgan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil