Geliotexnika (jurnal)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

"GELIOTEXNIKA" - Oʻzbekistan Fanlar akademiyasining xalqaro ilmiy texnika jurnali. 1965 yildan nashr qilina boshlagan. Ikki oyda bir marta rus tilida chiqariladi. "G." "Allerton Press" Inc firmasi (AQSH) tomonidan ingliz tiliga oʻgirilib nashr qilinadi va butun dunyoga tarqatiladi. Jurnal quyosh radiatsiyasi va uning konsentratsiyasi (toʻplanishi)ga doir tadqiqotlar, kuchli nur oqimlarining moddalarga taʼsiri, quyosh energiyasini boshqa tur energiyaga aylantirish, undan texnikada, tibbiyotda, qishloq xoʻjaligida, turmushda, kommunal, jamoat va turar joy binolarini isitish va issiq suv bilan taʼminlashda foydalanish, ekologik jihatdan toza energiya (quyosh, shamol energiyasi, geotermal energiya) manbalarining hozirgi sharoit va kelgusidagi ahamiyati haqidagi maqolalarni chop etadi. "G." geliotexnika hamda unga aloqador fan va texnika sohalarining yutuqlari, rivojlanish istiqbollari toʻgrisidagi, geliotexnika boʻyicha asboblar, mashinalar va qurilmalarning yangi konstruksiyalari haqidagi xabarlarni yoritadi. Jurnal sahifalarida MDH davlatlari, AQSH, Fransiya, Belgiya, Germaniya, Turkiya, Pokiston, Isroil, Misr, Hindiston, Efiopiya va b. davlatlar olimlarining maqolalari ham berib boriladi. "G." bosh muharrirlari: U. O. Oripov (1965—76), S. A. Azimov (1977-88), M. S. Saidov (1989 yildan). Adadi 156 dona (1998).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil