Gaz tarmogʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gaz tarmogʻi — yoqilgʻi sifatida ishlatiladigan gazlarni tashish va isteʼmolchilarga tarqatish uchun moʻljallangan gaz quvurlari, inshootlari va qurilmalari majmui (tizimi); aholi yashaydigan punktlarni gaz bilan taʼminlash tizimining tarkibiy qismi. Shahar G. t. har xil diametrli va bosimli gaz quvurlaridan; gaz bosimini pasaytirish uzellari — gaz tartiblash punktlari (GTP) va gaz taqsimlash styalari (GTS)dan; asboblarga kelayotgan gaz bosimini doimiy tutib turadigan individual rostlagichlardan; gaz omborlari; (gazgolderlar)dan iborat boʻladi. G. t. bosimni oʻlchash asboblari; avtomatika, aloqa va ogohlantirish (signalizatsiya) qurilmalari, zulfinlar bilan jihozlanadi. Vazifasiga qarab, G. t. ning tarqatish va kiritish xillari boʻladi. Tarqatish G. t. gazni GTP va GTS hamda gaz omborlaridan isteʼmol qilinadigan joyga berish uchun xizmat qiladi. Kiritish G. t. gazni bevosita isteʼmolchilarga beradigan bino va inshootlarga gaz berish uchun moʻljallanadi. Shahar G. t. boʻyicha gaz muayyan bosimda, yaʼni 0,05 kgk/sm2 (5 kN/m2)dan 12 kgk/sm2 (1200 kN/m2) gacha bosimda beriladi. Aholi yashaydigan punktlarda G. t. odatda berk halqa-simon tizim tarzida tashkil qilinadi. Bu tizim gaz taʼminotining uzluksizligini taʼminlaydi. Gaz quvurlari yer ostidan ham, yer ustidan ham oʻtkazilishi mumkin.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil