Gaz kondensatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gaz kondensatlari - tabiiy gazning yoʻlakay, rangsiz, tiniq, harakatchan turli uglevodorodlar aralashmasi; metan qatori (alifatik), aromatik (atsiklik) va naftenin (alitsiklik) tizimli tarkibga ega. Tabiiy gaz konlarining deyarli 60— 70% i G. k. boʻlib, ularning tizim tar-kiblari konning parametrlariga (T, R va b.) bogʻliq. Gaz konlarining chuqurligi (150–5500 m), gaz harakati, bosimi, mazkur konning holatiga qarab G. k. uglevodorodlari ushbu kon gazi bilan turli nisbatda fazaviy muvozanatda boʻladi. Demak, G. k. gaz quduqlaridan gazga nisbatan turli miqdorda erigan holda (50—800 g/m3) ishlab chiqariladi.

G. k. koʻproq gaz-neft havzalaridan gaz i. ch. jarayonida normal sharoitda gazda erigan uglevodorodlar majmuasini kondensatlab (suyultirib) olinadi. Zero tabiiy gazni baʼzi yoʻlakay qoʻshimcha suv, turli zaharli gazlar va b.dan tozalamasdan isteʼmolchilarga (G. k. uzatish quvurlariga) berib boʻlmaydi. Shuning uchun gazni qayta ishlash sanoatining mukammal ratsional va xavfsiz i. ch. tizimi shakllantiriladi. Oʻzbekistonning Muborak, Shoʻrtan, Uchqir, Gazli, Zevardi, Koʻkdumaloq va b. gazni qayta ishlash zavodlari yiliga 50 mlrd/m3 gazning deyarli 90% ini tozalab isteʼmolchilarga yetkazib beradi. G. k. maxsus qurilmalarda maqbulholga keltirilib, neftni qayta ishlash korxonalarida neft bilan birga benzin, kerosin va dizel yonilgʻisi olish uchun ishlatiladi. Buxoro neftni qayta ishlash korxonasi faqat Koʻkdumaloq G. k. dan yonilgʻi oladi.

G. k. dan faqat yonilgʻi emas, balki yana koʻp moddalar: benzol, toluol va ksilollar, lok boʻyoq tizimli erituvchilar va maxsus kompozitsion suyultiruvchilar olish mumkin. G. k. organik va neftkimyoviy sintezlar uchun muhim xom ashyo, xalq xoʻjaligida yarim mahsulot sifatida ishlatiladi (qarang Gaz sanoati).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Natsionalnaya korporatsiya "Oʻzbekneftegaz", T., 1998.

Ahmadjon Alimov.