Gaz karotaji

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gaz karotaji — neft va gaz konlarini topish usuli. G. k. burgʻilashda ishlatiladigan gilli qorishma, baʼzan kernda gazeimon va yengil suyuq uglevodorodlar miqdori va tarkibini muntazam aniqlab borish yoʻli bilan bajariladi. Kern olib burgʻilashda G.k. kernda bajarilishi ham mumkin. G. k. sanoatda 1940-yillar avvalidan tadbiq etila boshladi. Neft va gazli qatlamlar orqali quduq kovlanayotganda uglevodorodlar burgʻilash qorishmasiga aralashib u bilan birga yer yuzasiga chiqadi. Burgʻilash qorishmasidan ajratib olingan gaz oʻrganiladi. Olingan maʼlumotlar asosida diagramma tuziladi. Diagramma burgʻi qudugʻi kesmasini boshlanishidan oxirigacha boʻlgan oraligʻidagi uglevodorodning tarkibi va miqsori oʻzgarishini yaqqol koʻrsatadi. Diagramma yordamida neft yoki gazli qatlamning joylashgan chuqurligi aniqlanadi.

G. k. da maxsus avtomashinalarga oʻrnatilgan st-yalarda turli asboblar yordamida burgʻi qudugʻining chuqurligi kovlanish tezligi, burgʻilash qorishmasining sirkulyatsiyasi, quduqda neft bor-yoʻqligi va u qanday chuqurlikda joylashganligi kuzatiladi. Burgʻi qudugʻining kovlanish tezligi va chuqurligini hisobga olgan holda maʼlumotlarga oʻzgartishlar kiritib boriladi. Bular neft va gaz uyumlarining joylashgan chuqurligini aniq belgilashga imkon beradi. G. k. shuningdek quduq kovlash toʻxtatilgandan keyin ham davom ettiriladi. Burgʻilash qorishmasining neft va gaz uyumlari bor joylardagi qismi uglevodorodlarga boyiydi. Keyin burgʻilash qorishmasining odatdagi sirkulyatsiyasi boshlanadi (burgʻilash paytidek) va G.k. bajariladi. Natijada suyuqlikning uglevodorodlarga boyigan intervali aniqlanadi. Burgʻi qudugʻining chuqurligi va burgʻilash qorishma sirkulyatsiyasini hisobga oluvchi tuzatishlar kiritilib quduq kesmasi boʻyicha neft gaz uyumlarining joylashgan oʻrni aniqpanadi. Koʻmirli qatlamlarning gazliligini oʻrganishda G. k. kam qoʻllaniladi va asosan yonuvchi massa birligida metanning miqdorini aniqlashda foydalaniladi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil